Toshkent shahridagi har bir mahallaga 10 milliard so‘mdan ajratiladi - Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston 12:24 / 19.10.2021 594

“Joriy yilda poytaxt aholisi bilan uchrashganimda mahallalarni obod qilish bo‘yicha oldimga ko‘plab muammolarni ko‘tarib chiqishdi. Bularni hal qilish uchun har bir mahallaga 2 milliard so‘m berilgani, mablag‘lar jamoatchilik takliflari va ularning bevosita nazorati ostida sarflanayotgani o‘z samarasini berdi.

Ushbu tajribani tizimli davom ettirib, ajratilayotgan mablag‘larni yanada ko‘paytiramiz. Buning uchun 575 ta mahallani rivojlantirish bo‘yicha shahar hokimligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etiladi hamda har bir mahallaga 10 milliard so‘mdan ajratiladi. Bu shahar bo‘yicha qariyb 600 million dollar mablag‘ deganidir.

Bunda, ushbu mablag‘larning 5 milliard so‘mi aholi takliflari asosida, ochiq va shaffof “Fuqarolar budjeti” tizimidan foydalanib, eng dolzarb bo‘lgan ijtimoiy va kommunal loyihalarga sarflanadi. Yana 5 milliard so‘mi esa mahallada bandlikni ta'minlash, kichik va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘dan samarali foydalanishga yangi ish boshlaydigan hokim yordamchilari mas'ul bo‘ladi.

Umuman olganda, Toshkent shahar hokimligida Poytaxt iqtisodiyoti va urbanizatsiya masalalari bilan tizimli shug‘ullanadigan ilmiy markaz ochiladi. Ushbu markaz aholi orasida doimiy so‘rovlar o‘tkazib, mavjud muammolarning ilmiy yechimlarini ishlab chiqadi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Ko‘proq yangiliklar: