Shahrisabzda mashinasini jarima maydonidan chiqarish uchun tuman YHXB boshlig‘iga 300 dollar pora bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

O‘zbekiston 13:42 / 19.10.2021 1681

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida mashinasini jarima maydonidan olib chiqish uchun tuman YHXB boshlig‘iga 300 dollar pora bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yil 17 sentabr kuni Shahrisabz tumanida YPX xodimi tomonidan haydovchi, 1989 yilda tug‘ilgan N.Q. boshqaruvidagi Matiz mashinasi to‘xtatilib tekshirilganda, haydovchi N.Q. mast holatda ekanligi aniqlangan. YPX inspektori tomonidan unga nisbatan tegishli tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng, joriy yilning 20 sentabr kuni haydovchi Shahrisabz tumani IIB YHXB boshlig‘i Sh.Otaqulovning yoniga kelib, ma'muriy bayonnomani bekor qilish va jarima maydonida turgan avtomobilini chiqarib berish evaziga unga 300 AQSh dollari (uch yuz dollar) pulni pora sifatida taklif qilgan. Holat yuzasidan Sh.Otaqulov viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi orqali murojaat qilgan.

Qayd etilishicha, xodimning bildirgisiga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi N.Q. tuman IIB YHXB boshlig‘i Sh.Otaqulovga 300 dollarni pora tariqasida bergan vaqtda ushlangan.

Ta'kidlanishicha, hozirda holat yuzasidan Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: