Navoiyda 179 mln dollarlik quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi

O‘zbekiston 08:34 / 19.10.2021 3916

Prezidentning “Navoiy viloyati Nurota tumanida quvvati 200 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, “Phanes Energy Holding III B.V.” (Birlashgan Arab Amirliklari) kompaniyasi tomonidan (investor) “Navoiy viloyati Nurota tumanida quvvati 200 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi doirasida O‘zbekistonda “Quyosh-Energy” MChJ XK (loyiha kompaniyasi) ta'sis etilgan.

O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, investor va loyiha kompaniyasi (keyinchalik bitimga qo‘shilishini hisobga olgan holda) o‘rtasida 2021 yil 2 aprelda loyiha kompaniyasining majburiyatlarini nazarda tutuvchi investitsiya bitimi imzolangan.

Investitsiya bitimiga muvofiq, investor va loyiha kompaniyasi:

  • investitsiya loyihasini amalga oshirishning butun davri mobaynida Navoiy viloyati Nurota tumanida quvvati 200 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini (QFES) loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish hamda ekspluatatsiya qilishi;
  • yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmalariga olgan holda, jami dastlabki baholash bo‘yicha 179 mln AQSh dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi belgilangan.

Bildirilishicha, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va investor o‘rtasida 2021 yil 2 aprelda elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar natijasida imzolangan.

Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq:

  • investor o‘z huquq va majburiyatlaridan loyiha kompaniyasi foydasiga elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq voz kechishi;
  • loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ timsolida yagona xaridorga sotish majburiyatini olgani;
  • loyiha kompaniyasi qurilish davridagi o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarilishining ta'minoti sifatida 7,2 mln AQSh dollari miqdorida bank kafolati taqdim etilishi belgilangan.

Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq investitsiya loyihasi doirasida quyosh fotoelektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun quriladigan havo elektr uzatish tarmoqlari va boshqa elektr qurilmalarini investor va loyiha kompaniyasi tomonidan qurilishi va ushbu ishlar uchun sarflangan xarajatlar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 10 yil davomida oylik to‘lovlar asosida qoplanadi;

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim shartlariga muvofiq, 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olgan va elektr energiyasi uchun to‘lovni milliy valutada amalga oshirishi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, investor va loyiha kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan investitsiya bitimi tasdiqlanadi. Belgilanishicha, investitsiya bitimi unda ko‘rsatilgan shartlar asosida kuchga kiradi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va loyiha kompaniyasi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar natijasida imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim ma'qullanadi.

Ko‘proq yangiliklar: