Kimdir bizga yoqmasa, uni tarixdan olib tashlamasligimiz kerak – Shavkat Mirziyoyev 

O‘zbekiston 11:12 / 19.10.2021 18493

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Uchrashuv O‘zLiDep partiyasi tomonidan Talabalar shaharchasi hududida tashkil etildi. Shavkat Mirziyoyev “Inson qadri” qo‘shig‘i sadolari ostida kutib olindi va old qatordagi ko‘pchilik bilan qo‘l berib ko‘rishib chiqdi.

Tadbirni nomzodning ishonchli vakili, Toshkent shahar Nuroniylar kengashi raisi Rustam Kalonov ochib berdi va olib bordi. Rustam Kalonov Shavkat Mirziyoyevni tanishtirishga hojat yo‘qligini bildirdi va nomzodning poytaxt taraqqiyoti uchun amalga oshirgan ishlarini sanab o‘tdi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyevga so‘z berildi.

“Vatanimizda yangi ibora paydo bo‘lgan – qilsa bo‘lar ekan-ku! 5 yilda eng katta yutug‘imiz nima deb so‘rasangiz – emin-erkin yashashni o‘rgandik. 

Ko‘p yillik, asrlar davomida anglab yetilmagan buyuk ajdodlarimiz, tariximiz borligini sezdik, yoshlarimizga e'tibor berdik. Jonajon poytaxtimiz, azim shahrimizni hammamiz yaxshi ko‘ramiz. Albatta, men Jizzax viloyatida tug‘ilganman, lekin 18 yoshimdan buyon Toshkentdaman, ya'ni men barcha ta'lim-tarbiyani sizlardan olganman.

Ijaralarda yashaganman, qiyinchiliklarni ko‘rganman. Men bejiz uy-joy masalasiga jiddiy qaramayman. O‘zim bu muammolarni his qilganman. 18 yil propiska muammosi bilan yashaganman. Mana, muammo yechimini qilsa bo‘lar ekan-ku!

Nima uchun Uchinchi renessansni shior qildik. 100 minglab ilmli odamlarimiz qatag‘on qilinmaganida edi, bugun biz To‘rtinchi renessans haqida gapirayotgan bo‘lardik. Chunki ular buyuk o‘zbek millatining farzandlari juda kuchliligini bilishgan. Bu - mening armonlarim! O‘zlikni anglash bo‘yicha ko‘p ishlar qildik, lekin bu birinchi qadamlarimiz.

Tarixga to‘xtalsak, bir narsani unutmasligimiz lozim. Kimdir bizga yoqmasa, uni tarixdan olib tashlamasligimiz kerak. Buni men Mustaqillik monumenti barpo etayotganimizda aytgandim. Ko‘p davlatlarda bo‘ldik, lekin hech bir mamlakatda bizdagi kabi madaniyat, ota-onalarga, ajdodlarga hurmat yo‘q. 

Ko‘p sohalarda yutuqlarimiz bor, lekin bundan ham ko‘p ishlarni qilsak bo‘ladi. Baland marralar olyapmiz, lekin ularni zabt etish yo‘li bitta – ta'lim va yana ta'lim. Eng asosiy maqsadimiz - xalqni rozi qilish”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: