Geologiyasiz iqtisodiyot xuddi “UZI”siz ishlayotgan shifokorga o‘xshaydi – Shavkat Mirziyoyev fan muammolari haqida gapirdi

O‘zbekiston 11:58 / 19.10.2021 4140

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar saylovchilari bilan uchrashuv davomida ilm-fan sohasidagi holat haqida gapirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“Bizning geologiya bo‘yicha katta maktabimiz bor edi, O‘zbekistonda qanday kuchli akademiklarimiz bo‘lgan, kerak bo‘lsa Fransiyaga borib ta'lim berib kelishgan. Afsuski,  shu maktab yo‘q bo‘lib ketdi. Geologiyasiz iqtisodiyot bugungi kunda xuddi “UZI” apparatisiz ishlayotgan shifokorga o‘xshaydi.

Men bejiz ilmga trillionlab pul ajratmayapman. Hozir hatto chiqit deb hisoblagan mahsulotlarimizdan oltin olishni ham o‘rganyapmiz. Navoiyda yoshlar bilan uchrashganimda ko‘pchiligi o‘z vaqtida yaxshi bilim olmaganlariga afsuslanishyapti, chunki taraqqiyot ilmda. 

Men Toshkent shahridagi uchrashuvga uzoq tayyorlandim. Bu poytaxt. Bu yerga yangi fikrlar kirib kelyapti, yangi islohotlar kirib kelyapti. Kechagina 500 ta uy quramiz deganda hech kim ishonmagandi. Bugun 50 qavatli uylar qurilyapti. 

Poytaxt bo‘yicha bu ma'ruzamda mening rejalarim aks etgan. Istardimki, sizlar ham o‘z takliflaringizni bersangiz, zarur o‘zgarishlarni kiritsak.

Jiddiy siyosiy sinov qarshisida turibmiz. O‘ylaymanki, Toshkent shahri saylovda ham o‘rnak bo‘ladi. Barcha faol qatnashib, faqat o‘zi istagan nomzodga ovoz beradi. Faqat eskichasiga bir nechta pasport bilan borib oilaviy ovoz berib kelishga chek qo‘yish kerak. Bu siyosatimizga xiyonat bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev rasmiy nutqini boshlashdan oldin.

Ko‘proq yangiliklar: