Rossiya NATOdagi doimiy vakolatxonasi ishini to‘xtatishga qaror qildi

Jahon 23:00 / 18.10.2021 9708

Rossiya 1 noyabrdan NATOdagi doimiy vakolatxonasi ishini to‘xtatishga qaror qildi. Moskvaning bu qarori NATO Rossiya vakolatxonasining 8 xodimi akkreditatsiyasini ortga chaqirtirib olishga qaror qilgani bilan bog‘langan. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma'lum qildi.

Shuningdek, NATOning Moskvadagi aloqa harbiy missiyasi va axborot byurosi faoliyati to‘xtatiladi. 

Lavrovning ta'kidlashicha, 6 oktyabrda NATO kotibiyati alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiya vakolatxonasining 8 xodimi akkreditatsiyasini 1 noyabrdan chaqirtirib olishga hamda vakolatxona xodimlari sonini 10 nafargacha qisqartirishga qaror qilganidan Moskvani xabardor qilgan.

“Bunday qadamga biror tushuntirish berilmadi. Vaholanki, bu qaror e'lon qilinishidan bir necha kun oldin biz Stoltenberg bilan Nyu-Yorkda uchrashgandik. O‘shanda u Yevropada keskinlikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida NATO Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashdan manfaatdorligini aytgandi”, — deb ta'kidlab o‘tgan Lavrov.

Uning aytishicha, Moskva alyansning bunday qaroridan uncha ham ajablanmagan, chunki Rossiya vakolatxonasi xodimlari soni bundan oldin ham ikki marta – 2015 va 2018 yillarda qisqartirilgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirining aytishicha, endilikda NATO Moskva bilan bog‘lanishi uchun Rossiyaning Belgiyadagi elchisiga murojaat qilishi lozim bo‘ladi. Uning ta'kidlashicha, bularning barchasi NATO va Rossiya o‘rtasida hech qanday teng huquqli muloqot yo‘qligi, NATOning birgalikda ishlashdan manfaatdor emasligini tasdiqlaydi. “Shunday ekan, unda biz ham o‘zimizni NATO bilan yaqin orada go‘yoki qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishi mumkindek tutishimizga zarurat ko‘rmayapmiz, chunki NATO bunday o‘zgarishlar imkonsiz ekanini aytib bo‘ldi”, deb ta'kidlagan vazir.

Ko‘proq yangiliklar: