Qozog‘iston prezidentining maxsus vakili Kobulda toliblar bilan uchrashdi

Jahon 11:29 / 18.10.2021 7188

Qozog‘iston prezidentining xalqaro hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Yerjon Qozixon boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga ishchi safar uyushtirib, toliblar hukumati a'zolari — bosh vazir o‘rinbosari Abdulg‘ani Birodar va tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashdi.

Ta'kidlanishicha, uchrashuv chog‘ida Qozog‘iston tomonidan afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish va ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash masalalari muhokama qilingan.

Yerjon Qozixonning aytishicha, Afg‘onistonga insonparvarlik yordami sifatida 5 ming tonna un yetkazilgan. Shuningdek, Qozog‘iston Afg‘onistonga koronavirusga qarshi QazVac qozoq vaksinasini taqdim qilishni taklif qilgan.

Bundan tashqari, uchrashuv vaqtida tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash va Qozog‘istonda afg‘on talabalari uchun ta'lim dasturlarini davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishgan.

O‘z navbatida, Afg‘onistonning yangi hukumati ko‘rsatilayotgan yordam uchun Qozog‘istonga minnatdorlik bildirgan va uning Afg‘onistonni tiklashga qo‘shayotgan hissasini ta'kidlab o‘tgan.

Qozog‘iston vakili, shuningdek, BMT bosh kotibining maxsus vakili, Afg‘onistonga ko‘mak ko‘rsatish missiyasi rahbari Debora Layons bilan ham uchrashgan. Tomonlar Afg‘onistondagi gumanitar va oziq-ovqat inqirozini yengib o‘tish uchun Qozog‘iston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: