LunaNet loyihasi - AQSh Oyga internet tushirishni rejalashtirmoqda

Jahon 21:38 / 18.10.2021 7204

Amerikalik astronavtlar Oyda 1969 yil yozida va 1972 yil qishida bo‘lishgan. 2017 yilda prezident Donald Tramp Yer yo‘ldoshini zabt etish to‘g‘risidagi yo‘riqnomani imzoladi.

Ushbu yo‘riqnomaga ko‘ra, 2021 yil noyabr-2022 yil yanvarida Oyga Artemis-1 uchuvchisiz kosmik qurilmasi parvoz qiladi. Yaqin besh yil ichida Oyga astronavtlar uchishi lozim.

NASA ushbu dastur doirasida ishlab chiqayotgan yangi texnologiyalardan biri Oy internetidir.

Oyda Wi-Fi nima uchun kerak?

Gap shundaki, astronavtlar to‘plashni rejalashtirgan barcha ma'lumotlarni uzatishga mavjud aloqa radiokanallarining quvvati yetmaydi. NASA rejasiga ko‘ra, bo‘lajak missiya shunchaki Oyga parvoz bilan cheklanmaydi. Astronavtlar u yerda uzoq vaqt qoladi.

LunaNet loyihasi Oy yuzasiga bir nechta aloqa uzatish bog‘lamalarini o‘rnatishni ko‘zda tutadi. 

"LunaNet Yerdagidan mustaqil navigatsiya uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi. Parvoz qiladigan va robotlashgan missiyalar o‘z joyini tez va aniq topadi hamda olingan ma'lumotlarni uzatadi", — deydi NASA vakili Sheril Gremling.

Bundan tashqari, aloqa bog‘lamalari favqulodda vaziyatlarni kuzata oladi va astronavtlarni bu haqda ogohlantiradi.

Oy internetining yana bir xususiyati: u odam yoki yukning qayerda joylashganini aniq ko‘rsata oladi. 

Sinov Klivlendda o‘tkazilmoqda

Ushbu texnologiya sinovi Yerda o‘tkazilmoqda va sinov o‘tkazilayotgan joyda joriy etiladi. NASA loyiha sinovi uchun Ohayo shtatining eng katta shahri – Klivlendni tanlagan.

Tadqiqotchilarning aniqlashicha, shahardagi uylarning 31 foizi keng polosali internetga ulanmagan. Ular simyog‘ochlarga o‘rnatilgan marshrutizatorlar butun Klivlendni tezligi soniyasiga 7,5 megabit bo‘lgan internet bilan ta'minlashini hisoblab chiqishdi.

NASAdagilar bu nafaqat Oyni o‘zlashtirish, balki AQSh iqtisodiyotiga ta'sir ko‘rsatishda ham yordam berishini aytishmoqda.

Hozirda Klivlend loyihasi ishlab chiqishning faol bosqichida. 2024-2025 yillarda shahardagilar Oy internetidan foydalanishni boshlashi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: