Rossiyada qatorasiga to‘rtinchi kun yangi holatlar bo‘yicha pandemiya rekordi yangilandi

Jahon 21:47 / 17.10.2021 16476

17 oktabr ertalab holatiga Rossiyada Covid-19 infeksiyasiga chalinish bo‘yicha 34 303 ta yangi holat aniqlandi. Bir kun oldin 33 208ta yangi holat aniqlangandi. 14 oktabr kuni ilk marta kunlik ko‘rsatkichlar 30 mingdan oshgandi.

O‘lim holatlari biroz pasaygan - so‘nggi bir kunda 997 bemor o‘limi qayd etilgan, bir kun oldin o‘lim holatlari bo‘yicha pandemiya rekordi qayd etilgandi - 1002 holat. Juma kuni 999 kishi vafot etgandi. 14 oktyabrda 986 o‘lim ro‘yxatga olingan va bu ham o‘sha vaqtgacha bo‘lgan davrdagi rekord ko‘rsatkich edi.

Nisbatan eng ko‘p holatlar Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari hamda Moskva oblastida qayd etilmoqda. Moskvada 6740ta, Peterburgda 3323ta, Podmoskoveda 2759ta yangi holat ro‘yxatga olingan.

Bir kunda poytaxtda 1357 kishi shifoxonalarga yotqizilgan, ayni vaqtda sun'iy nafas oldirish apparatlariga ulanganlar soni 631 nafar. So‘nggi bir kunda Moskvada Covid-19dan 70 kishi vafot etgani tasdiqlangan, Sankt-Peterburgda bu ko‘rsatkich - 65ga, Krasnodar o‘lkasida - 39taga teng.

Bir kunda Rossiyada koronavirusga chalingan 18 717 nafar bemorga javob berilgan.

Rossiyada koronavirusga chalinish holatlari o‘sishi sentyabrda boshlangan va oktyabrda sur'at tezlashgandi. Bu holat bugungi kunda mamlakatda jami aholining 35 foizigina emlangani (146 million kishidan 51 mln kishi hech bo‘lmasa bir doza qabul qilgan) bilan izohlanmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda mavsumiy kasalliklar tufayli koronavirusga chalinish holatlari o‘smoqda, ammo vaksinatsiya ko‘rsatkichlari past mamlakatlarda o‘lim holatlari ham yuqori bo‘lmoqda.

Emlanganlarning rasmiy statistikasi
15 oktyabrdan Rossiya Federatsiyasi tezkor shtabi koronavirusga qarshi emlanganlarning statistikasini ham olib bora boshladi. Shanba kuni stopkoronavirus.rf portalida emlanganlarning rasmiy statistikasi paydo bo‘ldi - ushbu ma'lumotlarga ko‘ra, vaksinaning birinchi komponenti bilan 51 milliondan ortiq odam emlangan bo‘lsa, Rossiyaning 47,5 milliondan ziyod fuqarosi to‘liq vaksinatsiyadan o‘tgan.

Bunga qadar mamlakatda emlanish bo‘yicha rasmiy statistika e'lon qilinmagan, bu boradagi raqamlar amaldorlarning alohida ma'lumotlarida keltirilardi.

Rasmiy statistikada jamoaviy immunitet darajasi bo‘yicha ham ma'lumotlar bor - portal ma'lumotiga ko‘ra, Rossiyada bu boradagi ko‘rsatkich 45 foizni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: