«Doimo ikki qabr qazib qo‘yaman: ulardan biri o‘zim uchun» - farg‘onalik go‘rkov hikoyasi

Jamiyat 17:40 / 17.10.2021 49939

 

Zafarjon Isoqovning hikoya qilib berishicha, padari buzrukvori Homidjon hoji 80 yoshga kirganida ham qabr qazish bilan shug‘ullangan ekan.

«Avvallari ukam bilan birga qabr qazish bilan shug‘ullanardik. Hozir qabrni bir o‘zim qazib kelyapman. Bu ishni savob yo‘lida qilaman, albatta.

Otam rahmatli 80 yoshga yetganda biz unga og‘irlik qiladi, deb qabr kovlattirmay qo‘ydik. «Yoshingiz bir joyga borib qoldi, endi bu ishni biz qilamiz», dedik. Oradan bir muddat o‘tib otamiz betob bo‘lib o‘tib qoldi. Endi esa otamizning ishini davom ettiryapmiz», — deydi go‘rkov.

Zafarjon aka bitta qabrni qazish uchun 3–4 kun vaqt ketishini aytdi.

«Agar bir o‘zim bo‘lsam qabr ayvoni va lahad qazish uchun 3-4 kun vaqt ketadi. Chunki bu ish ko‘p jismoniy mehnat talab qiladi. Yumshoq chiqadigan joylar bor, qattiq joylar bor. Shunga qarab o‘zimni toliqtirmay qazishga harakat qilaman. Astoydil harakat qilinsa, bir kunda bir yoki ikki qabr qazisa bo‘ladi. Lekin odam toliqib qoladi.

Gunohi ko‘p odamning qabrini qazish qiyin kechadi, degan gap bor. Lekin men bunga ishonmayman. To‘g‘ri, joyiga qarab qay bir qabrning tuprog‘i yumshoq chiqadi, qay birini qazish esa mashaqqat. Alloh yo‘l bersa, darhol qazib qo‘yamiz. Yo‘l bermasa qazishda qiyinchilikka duch kelamiz», — deydi u.

Go‘rkov qabr ayvoni va lahad qismining hajmi qancha bo‘lishi haqida ham gapirib berdi. Uning ta'kidlashicha, har bir qabr ichidan kichik yuk mashinasiga sig‘gulik shag‘al chiqar ekan.

«Qabr ayvonining uzunligi 2 metr, eni esa 90 sm yoki 1 metr bo‘ladi. Ayvonining chuqurligi esa 1 yarim metr bo‘ladi. Ayvon qazib bo‘lingach, tandir og‘iz qilib, lahad qazishga kirishamiz. Lahad og‘zini asta-sekinlik bilan ochib olib, ichiga kirib olamiz. U yerdagi shag‘alini cho‘kichlarda yumshatib, shag‘allarni dastlab ayvonga olib chiqib so‘ng ular tashqariga tashlanadi. Agar ikki kishi qabr qazisa, bu ish nisbatan oson bo‘ladi. Bir kishi lahaddagi shag‘alni ayvonga tashlasa, yana bir kishi lahad qaziydi. Hozirda ham qazish, ham shag‘alni tashqariga uloqtirish amalini bir o‘zim bajarayotganim uchun qazish ishlari kechikyapti. Tashqariga deyarli bir «Zil» shag‘al uloqtiraman.

Lahad ichining uzunligi ikki metr bo‘ladi. Eni esa 1,3–1,4 metr bo‘ladi. Lahadning ichi inson o‘tirganida bosh qismdan bir qarich tepaga bosh tegib qolmasligi uchun masofa qolishi kerak. Mayyitni lahadga qo‘yib, lahad og‘ziga g‘isht taxlab chiqamiz. Keyin esa ayvonni ko‘mishni boshlaymiz. Ayrim qabrlarni qazishda qiyinchilikka duch kelamiz, ba'zi joylar betondek qattiq bo‘ladi», — deydi Zafarjon aka.

Ba'zi odamlar kechasi qabriston oldidan o‘tishga, uning ichiga kirishga qo‘rqishadi. Aslida eng tinch joy qabriston bo‘ladi, deydi go‘rkov.

«Mayyit ko‘milgach, yaqinlari qabrdan yetti qadam uzoqlashganda so‘roq-savol boshlanadi. Munkar-Nakir farishtalar keladi. O‘sha paytda lahad ichi o‘tirsa tepa qismiga boshi tegib qolmaydigan darajada kengroq bo‘lishi kerak.

Inson tiriklik paytidan qabr so‘roq savollariga tayyor bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham inson doim namoz o‘qishi kerak. Ibodatda bo‘lishi kerak», — deydi u.

Zafar aka ilgarigidek hashar yo‘li bilan qabr qazish an'anasi yo‘q bo‘lib ketganini ta'kidladi.

«Rahmatli otam ilgarilari ikki-uch qabrni qazib oldindan tayyorlab qo‘yar edi. Hozirgi yoshlarni hasharga chaqirsangiz — kelishmaydi. Yoshligimizda 3-4 qariyalar kelishib hashar yo‘li bilan qabr qazishgan paytlarni ko‘rgandik. Biz ularga ovqat olib chiqar edik. Yoshlar ularga qabr qazishda yordam berar edi. U zamonlar o‘tib ketdi. Ilgarigidek hashar yo‘li bilan qabr qazishlar o‘tmishda qoldi. Haytovur, hozir biror kishi vafot etsa, yoshlar kelib ko‘mishda yordam berib turishibdi», deydi go‘rkov.

Qabristonda ikkitadan to‘rttagacha zaxira qabr turar ekan.

«Ayrim kimsalar «qabrni oldindan qazib qo‘ymanglar, qazilgan qabr odam chaqiradi», deb irim qilishadi. Buni bo‘lmagan gap, deb hisoblayman. Qabr chaqirgan emas, Alloh istagan odam vafot etadi. Kim o‘lishini faqat Alloh bilguvchi. Ajali yetgan odam vafot etadi», — deydi Zafarjon aka.

O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi ayni kuchaygan paytda Zafar akaning qo‘li qo‘liga tegmagan. O‘lim holati ko‘p bo‘lgani uchun ancha vaqtini qabristonda o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan. Oxir-oqibat o‘zi ham kasallik yuqtirib olib, bir muddat davolanib chiqqan.

***

Go‘rkov doim ikki zaxira qabr qazib yurishga odatlangan. Biri o‘zi uchun, yana biri esa boshqalarga.

Biz xayrlashib qabriston darvozasidan tashqariga chiqqanimizda cho‘kichning toshlarga urilgan ovozi ancha masofagacha eshitilib turdi...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: