«Yangi O‘zbekiston ustozlari» dasturi amalga oshiriladi

O‘zbekiston 13:52 / 16.10.2021 548

“Inson qadri uchun” tamoyilining muhim bo‘g‘ini – barcha uchun, sifatli ta'lim olishga imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishdir. Lekin, viloyatdagi maktab ta'limi bu talablarga hali to‘liq javob beryapti, deb ayta olmaymiz. Misol uchun, joriy yilgi bitiruvchilarning bor-yo‘g‘i 16 foizi oliygohlarga qabul qilingani ham, buning isbotidir. Oliy ma'lumot va toifaga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar ulushi 54 foizni tashkil etadi. Bu – respublikada eng past ko‘rsatkichlardan biri. Chirchiq, Nurafshon, Olmaliq, Yangiyo‘l shaharlari, Bekobod, Toshkent va Yangiyo‘l tumanlaridagi 70 foiz maktablar ikki smenada, ayrim maktablar hatto uch smenada ishlamoqda.

Endi Toshkent viloyatini maktab ta'limi islohotlarining namunasiga aylantirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Avvalambor, “Yangi O‘zbekiston ustozlari” dasturi amalga oshirilib, ta'lim sifati past 60 ta maktabga boshqa hududlardan kamida 150 nafar malakali o‘qituvchilar jalb qilinadi. Ularga maxsus ustama to‘lanadi, 15 million so‘m bir martalik to‘lov beriladi, yashash joyining ijara puli qoplanadi. Keyingi uch yilda 25 ming nafar yoki 70 foiz o‘qituvchilarning malakasi oshirilib, xalqaro va milliy sertifikat olishi ta'minlanadi. Ushbu ishlarga, xususiy ta'lim tashkilotlarini ham faol jalb qilinadi. Toshkent viloyati uchun malakali pedagog kadrlarni tayyorlash kvotalari 2 barobarga oshiriladi.

Kelgusi besh yilda budjetdan 20 ta yangi maktab quriladi, 260 tasi rekonstruksiya qilinadi va kapital ta'mirlanadi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatidan boshlab, maktablarni qurish va foydalanishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Qibray, O‘rta Chirchiq, Zangiota va Toshkent tumanlarida xususiy kapitalni jalb qilgan holda, 12 ta zamonaviy tipdagi maktablar qurilib, foydalanishga topshiriladi. Ushbu maktablar uchun to‘lovlar lizing asosida budjet hisobidan 25 yil davomida amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda, ta'limning beshigi bo‘lgan maktabgacha ta'lim tizimida islohotlar davom ettirilib, qamrab olish darajasi 80 foizga yetkaziladi. Buning uchun, 96 ta davlat bog‘chalari quriladi va rekonstruksiya qilinadi, 800 ta xususiy va oilaviy bog‘chalar tashkil etiladi. Qibrayda imkoniyati cheklangan bolalar uchun reabilitatsiya markazi tashkil etilib, har yili 2 ming nafar bolalar bepul sog‘lomlashtiriladi. Maktabgacha ta'lim yo‘nalishida qabul kvotalari 2 barobarga oshirilib, oliy ma'lumotli pedagog kadrlar ulushi 50 foizga yetkaziladi. Pedagog kadrlarni malakasini uzluksiz oshirib borish maqsadida, kelgusi yildan O‘rta Chirchiq, Bo‘ka, Ohangaron, Yuqori Chirchiq tumanlarida “Maktabgacha ta'lim klasteri” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Ko‘proq yangiliklar: