Toshkent viloyatida yirik sanoat korxonalari joylashgan hududlardagi aholi onkologik skriningdan majburiy o‘tkaziladi 

O‘zbekiston 13:54 / 16.10.2021 311

“Endi eng ko‘p uchrayotgan surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash va profilaktika qilish, sifatli va malakali tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish uchun viloyatning barcha oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar to‘liq yangi qiyofaga keltiriladi va jihozlanadi, zarur reaktiv va dori-vositalari bilan ta'minlanadi, qo‘shimcha 30 ta oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlari ochiladi.

Chirchiq, Olmaliq, Angren, Bekobod kabi yirik sanoat korxonalari joylashgan hududlardagi barcha aholi onkologik skriningdan majburiy o‘tkaziladi, Pskom, Chimyon, Yusufxona, Takayong‘oq, Burchimullo, Yakkatut kabi tog‘li hududlarda maxsus tez tibbiy yordam brigadalari, Chorbog‘-Chimyon turistik zonasida shoshilinch yordam bo‘limi va sanitar aviatsiya xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Shuningdek, har yili 500 ming ayol uchun manzilli skrining tekshiruvlari tashkil etiladi. Yiliga 800 ming nafar bolalar va 70 ming nafar homilador ayollar turli vitaminlar bilan bepul ta'minlanadi.

Viloyat uchun, eng og‘riqli masalalardan biri – bu tibbiy muassasalarining 40 foizi Toshkent shahrida, qolganlari tuman va shaharlarda tarqoq joylashgani hisoblanadi. O‘ylab ko‘ring, Bekobod shahridan homilador ayolni Chirchiq shahridagi perinatal markazga 165 kilometrdan kelishi qanchalik to‘g‘ri? Yoki, bemor endokrin kasalliklari bo‘yicha Yuqori Chirchiqqa, yurak bezovta qilganda esa O‘rta Chirchiqdagi dispanserga murojaat qilishi kerak.

Shu bilan birga, bugungi kunda 2,5 ming shifokor o‘rinlari vakantligi ham aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatiga salbiy ta'sir qilmoqda. Bu masalalarni hal qilish uchun, eng avvalo, viloyatdagi 14 ta ixtisoslashgan shifoxona Nurafshon shahriga ko‘chirilib, yagona tibbiyot kompleksi va nufuzli xorijiy universitet bilan birga tibbiyot oliygohi tashkil etiladi. Bunda, viloyat markaziga ko‘chirilgan shifoxonalar o‘rnida, ularning filiallari tashkil etiladi.

Shuningdek, viloyat hokimligida maxsus jamg‘arma tashkil etilib, har yili tibbiyot oliygohlari yuqori kurs talabalarining 100 nafariga kontrakt pullari to‘lab beriladi. Ushbu talabalar bilan shartnoma tuzilib, viloyatning eng og‘ir Bo‘stonliq, Bo‘ka, Ohangaron va Yangiyo‘l tumanlariga ishlash uchun yuboriladi va ularga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Viloyatning 500 dan ziyod yosh shifokorlari, eng ilg‘or xorijiy klinikalarda malaka oshirishga davlat hisobidan jo‘natiladi.

Aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni tumanlarning o‘zida yo‘lga qo‘yamiz. Buning uchun barcha tuman va shahar shifoxonalarida yangi 30 turdagi xirurgiya, 15 turdagi endokrinologiya va 12 turdagi kardiologiya davolash amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Angren, Bekobod, Bo‘stonliq va Chinoz tumanlarida jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari, Yangiyo‘l, Olmaliq, Bekobod shaharlari, Toshkent va Oqqo‘rg‘on tumanlarida “perinatal markazlar” barpo etiladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi besh yilda budjetdan 1,5 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Ko‘proq yangiliklar: