Qirg‘izistonning soxta pasporti bilan Rossiyadan O‘shga uchgan 31 yashar o‘zbekistonlik ushlandi

Jahon 20:03 / 16.10.2021 10242

Soxta pasport bilan boshqa davlat chegarasidan o‘tgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan, deya Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar bermoqda kabar.kg nashri.

Ma'lum bo‘lishicha, 1990 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik 14 oktabr kuni Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan tezkor-qidiruv tadbiri davomida ushlangan. U soxta hujjatlar bilan Rossiyaning Sankt-Petergburg shahridan Qirg‘izistonning O‘sh shahriga uchib kelgan.

Gumonlanuvchi Qirg‘iston Jinoyat-protsessual kodeksining 98-moddasiga asosan davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.

Ayni paytda Qirg‘iziston Respublikasining rasmiy hujjatlarini qonunga zid ravishda tayyorlash jarayoniga mansabdor shaxslarning aralashgan yoki aralashmaganini aniqlash maqsadida tezkor tergov tadbirlari olib borilayotgani, shuningdek, gumonlanuvchining davlat chegarasini noqonuniy buzib o‘tgan yuzasidan sudga qadar surishtiruv o‘tkazilayotgani aytilmoqda.

Avvalroq o‘zbekistonlik migrant Peterburgda qirg‘iz pasportini sotib olgani uchun sudga tortilgani xabar qilingandi.

2018 yilda ham O‘zbekiston fuqarosi Qirg‘izistonning soxta pasporti bilan Qozog‘istonga o‘tishga uringanda qo‘lga olingandi.

Ko‘proq yangiliklar: