“Lider qizlar” klubi va “Olima ayollar grantlari”: Iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash dasturi muhokamaga qo‘yildi

O‘zbekiston 20:28 / 16.10.2021 8590

Bu – muhokama uchun e'lon qilingan «Iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash, ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish va rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasida o‘z aksini topgan.

Qaror iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash, ular bilan alohida ishlash, qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish va rag‘batlantirish, shuningdek, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga qaratilgan tizimli o‘qishlarni tashkil etish va kadrlar zaxirasiga kiritish ishlarini takomillashtirish maqsadida qabul qilinishi nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash, ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish va rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilinadi.

Shuningdek, mahallalar va ta'lim muassasalarida iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash tartibi, iqtidorli yosh xotin-qizlarni iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlarini to‘g‘ri yo‘naltirish va ro‘yobga chiqarish tartibi, iqtidorli yosh xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tartibi belgilanadi.

Iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash, ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish va rahbarlik lavozimlariga tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlanadi.

Qaror bilan respublikamizda har yili mart oyining birinchi haftaligi «Xotin-qizlarni e'zozlash haftaligi» deb e'lon qilinishi mumkin.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mahallalardagi «Bibixonim maktablari» jamoatchilik tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjati loyihasini tayyorlaydi. Shuningdek, 2022 yil 1 mayga qadar «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda «Ayol – lider» o‘quv-ma'rifiy elektron platformasini yaratish va ishga tushirish choralarini ko‘radi.

Hujjatda «iqtidorli yosh xotin-qiz» tushunchasiga izoh berilgan. Ta'rifga ko‘ra, u – yuqori darajada rivojlangan qobiliyat, aqliy koeffitsiyent va intellekt hamda bir yoki bir necha sohada muayyan natijalarga erishishda o‘ziga ishonchining yuqori darajasiga ega bo‘lgan 30 yoshdan oshmagan ayoldir.

Hujjatda iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash tartibiga ham aniqlik kiritilgan:

  • Maktabgacha ta'lim va tarbiya muassasasining qiz tarbiyalanuvchilari 3 yoshdan boshlab har yili sentabr oyida ota-onalar ishtirokida ular o‘rtasida psixologik testlar, suhbatlar va tanlovlarni o‘tkazish, tibbiy ko‘rik natijalari, tarbiyachilarning fikr-mulohazalarini inobatga olish orqali ularning iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlari aniqlanadi. So‘ngra har yili iyun oyida tarbiyalanuvchi qizlarning iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlari to‘g‘risida Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan belgilangan 6-7 yoshdagi bolaning maktabga tayyorgarlik xaritasi rasmiylashtiriladi hamda umumta'lim maktablariga taqdim qilish uchun tarbiyalanuvchi qizlarning ota-onalariga beriladi.
  • Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim maktablarida 1-sinf o‘quvchi qizlarining iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlari, 2-11-sinf o‘quvchi qizlari o‘rtasida esa har yili sentabr oyida psixologik testlar, suhbatlar hamda yil davomida reja asosida turli ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari va «Intellektual o‘yinlar haftaligi»ni o‘tkazish natijalari asosida ularning iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlari aniqlab boriladi. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim maktablarida har yili 1 iyulga qadar 4, 9 va 11-sinf yakunlari bo‘yicha o‘quvchi qizlarning iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlari to‘g‘risida XTV tomonidan belgilangan shaklda ma'lumotlar rasmiylashtiriladi hamda ularning nusxalari esa tarbiyalanuvchi qizlarning ota-onalari hamda yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga taqdim etiladi.
  • Oliy ta'lim va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida yangi o‘quv yilidan boshlab 1-kurs talaba qizlarining iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlari har yili 10 oktyabrga qadar oliy ta'lim muassasalari va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarining so‘roviga asosan ular ta'lim olgan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim maktablari yoki yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida aniqlanadi.
  • Oliy ta'lim va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari yuqori kurslarining talaba qizlari o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar va fan olimpiadalari natijalari, professor-o‘qituvchilar va guruh murabbiylarining fikr-mulohazalari asosida har yili 1 iyulga qadar ularning iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlari aniqlab boriladi.

Umumta'lim maktablarida 5-7-sinf o‘quvchi qizlarning iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida «Tengdosh-tengdoshga» yo‘nalishidagi to‘garaklar hamda 8-11-sinf o‘quvchi qizlari o‘rtasida «Qizlarjon» klubi faoliyat ko‘rsatadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi respublikadagi xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-ta'lim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning yangi g‘oya va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun «Olima ayollar grantlari» tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovini o‘tkazadi.

Oliy ta'lim va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida «Iqtidorli qizlar» uyushmasi va «Lider qizlar» klubi faoliyat ko‘rsatadi.

Oliy ta'lim va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari talaba (o‘quvchi) qizlari o‘rtasida har yili ularning iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlarini ro‘yobga chiqarishga hamda liderlik sifatlarini rivojlantirishga qaratilgan «Eng iqtidorli talaba qiz», «Tashabbuskor talaba qiz», «Lider talaba qiz», «Eng yaxshi innovatsion g‘oya va loyiha muallifi», «Eng yaxshi ixtirochi va tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan «Olima ayollar grantlari» tashabbuskor amaliy va innovatsion tanlovi o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: