Hindiston elchixonasi 15 oktyabrdan boshlab o‘zbekistonliklarga viza berishni tikladi

O‘zbekiston 18:30 / 16.10.2021 3129

Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangani munosabati bilan o‘zbekistonliklarga sayohat vizalarini berish amaliyoti tiklanganini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2021 yilning 15 oktyabridan sayohat vizalari bilan (faqat guruh bo‘lib sayohat qiluvchilar) charter reyslar orqali Hindistonga borish istagidagi barcha xorijiy mamlakatlar fuqarolarining mamlakatga kirishiga ruxsat berilgan.

Sayyohlik maqsadida tashrif buyurmoqchi bo‘lgan qolgan barcha xorijliklarga 2021 yil 15 noyabrdan boshlab sayyohlik vizasi bilan Hindistonga kirishga ruxsat beriladi.

Hindistonning Toshkentdagi elchixonasiga ko‘ra, hozirga qadar olingan sayyohlik vizalarining amal qilish muddati bekor qilinmoqda. Shu bois ushbu mamlakatga sayohat qilmoqchi bo‘lgan barcha chet elliklardan, agar hali muddati tugamagan sayyohlik vizalariga ega ekanliklaridan qat'i nazar, yangi viza olishlari talab etiladi.

Ta'kidalanishicha, O‘zbekistonning barcha fuqarolari va O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi chet elliklar Hindistonning Toshkentdagi elchixonasida yuqoridagi tavsiyalarga muvofiq turistik viza olish uchun ariza berishlari mumkin. Afg‘oniston fuqarolari uchun ham viza berish Hindiston elchixonasi tomonidan ilgari e'lon qilingan turli ko‘rsatmalar bilan tartibga solinishda davom etmoqda.

Elchixona Hindistonga tashrif buyuruvchilar karantin cheklovlari va koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq boshqa masalalarda Sog‘liqni saqlash va oilaviy farovonlik vazirligining amaldagi ko‘rsatmalariga qat'iy rioya qilishlari lozimligini eslatgan.

Ko‘proq yangiliklar: