Gazsiz, ko‘mirsiz qishdan chiqadigan qishloq – suvliqliklar uyini qanday isitadi?

O‘zbekiston 15:39 / 16.10.2021 20657

 

Suvliq qishlog‘i tuman markazidan qariyb 70, viloyat markazidan esa 130 km olisda, tog‘ orasida joylashgan. Qishloqda 100 ga yaqin oila yashaydi. Odamlar asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Moli yo‘q oilaning bu qishloqda yashashi qiyin. Chunki chorva go‘shti va sutidan tashqari qishda uyni isitish uchun ham kerak.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Uzoq yillar qishloqda o‘qituvchilik qilgan, hozirda nafaqada bo‘lgan Doniyor bobo Mamarajabovning ta'kidlashicha, Suvliq aholisi sovuq kunlarda uyini asosan tappi, tezak va cholma bilan isitadi.

Qo‘y-qo‘raning, mollarning tagida bosilib qolgan go‘ngni cholma deymiz. Ana shuni kichik bo‘laklarga bo‘lib, quyoshda quritib olamiz. Cholmaning cho‘g‘i ko‘mirnikidan kam emas. Kechqurun pechga solinsa, ertalabgacha isitib turadi. Cholmadan tashqari xotin-qizlarimiz tappi tayyorlaydi, dalalardan tezak terib kelishadi. Qo‘raning qiyini ham supurib olib, yig‘ib qo‘yamiz. Qiyning ham cho‘g‘i yaxshi bo‘ladi. Qishlog‘imizda har bir xonadonda o‘tinxona bor. Odamlar yozdan boshlab tappi, cholma tayyorlashni, tezak yig‘ishni boshlaydi”, — deydi Doniyor bobo.

Foto: Kun.uz

Qishloqdagi uylarda qishki va yozgi xonalar bor. Qishki xonalar isitishga qulay bo‘lishi uchun biroz kichik. Bitta pech ikki xona o‘rtasiga qurilgan.

Pechlarimiz oddiy, g‘ishtdan qurilgan. Bir vaqtning o‘zida gaz plita vazifasini ham o‘taydi, qozon va choynak qo‘yishga moslashtirilgan. Shu yerda ovqat ham pishiriladi, choy ham qaynatiladi. Kechasi bir qiy solamiz, shu bilan ertalabgacha xonalarni isitib turadi. Qishlog‘imizda ko‘mir yo‘q. Bizga ko‘mirning keragi ham yo‘q aslida. Chunki chorvamiz bor, qishga yetarlicha o‘tin zaxira qila olamiz”, — deydi qishloqdagi xonadonlardan birining egasi Elyor Kenjayev.

Foto: Kun.uz

Mahalliy aholining ta'kidlashicha, Suvliqda 6 oy qish bo‘ladi. Uylarda oktabr oyidan to martning oxirigacha pech yoqiladi. Ayni kunlarda ham qishloq odamlari “qishki mavsum”ga o‘tishgan, uylarning mo‘risidan tutun chiqa boshlagan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Boymirza Halilov.   

Ko‘proq yangiliklar: