1 martdan ID-kartasi bor haydovchilar boshqa hujjatlarni ko‘rsatishi shart bo‘lmaydi

O‘zbekiston 15:23 / 16.10.2021 19772

Bu – 15 oktyabr kuni qabul qilingan hukumat qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorga asosan, 2022 yilning 1 martidan ID-kartasi bor haydovchilardan quyidagilarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi:

  • yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi;
  • transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, transportga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, ushbu tartib faqat ID-karta egalariga taalluqli. Biometrik pasport egalariga amal qilmaydi.

“Bu degani “prava”, ishonchnoma yoki sug‘urta polisi umuman bo‘lmasa ham mashina haydash mumkin degani emas. Ular albatta bo‘lishi kerak, faqat uni yonida olib yurish shart bo‘lmaydi”,deb yozgan huquqshunos Telegram-kanalida.

Haydovchilik guvohnomasi uyda qolib ketgan haydovchining ID-kartasi bo‘lmasa, ammo yonida biometrik pasporti bo‘lsa, u javobgarlikka tortiladimi?

Kun.uz'ning bu savoliga ichki ishlari vazirining matbuot kotibi, polkovnik Shohrux G‘iyosov shunday javob berdi:

“Fuqarolar tekshiruvi ID-kartaning identifikatsion nomeri bo‘yicha amalga oshiriladi. Hozirgi kunda aniq yo‘riqnoma ishlab chiqish ustida ish ketmoqda. Bu tizimning yutuq va kamchiliklarini tajriba ko‘rsatadi”.

Avvalroq jamoatchilik tomonidan ID-karta va yangi shakldagi haydovchilik guvohnomasini birlashtirish taklif qilingandi.

So‘ngra IIV YHXB 2021 yilning 1 sentyabridan ID-kartasi bor haydovchilarning transport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma'lumot, avtotransport vositalarini boshqarish uchun berilgan yoki olingan ishonchnoma va sug‘urta polislarini identifikatsion raqam yordamida tekshirish amaliyoti Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilayotgani haqida xabar bergandi.

Xabarda yo‘l-patrul xodimlari xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan planshetlar yordamida ID-kartasi bor haydovchilarning hujjatlari, jumladan, haydovchilik guvohnomalarini “e-Protokol” axborot tizimi orqali tekshirib ko‘rishi uchun imkoniyat yaratilgani aytilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: