Jahon banki Markaziy Osiyoda kambag‘allikni qisqartirishni tezlashtiruvchi omillarni ma'lum qildi

Iqtisodiyot 17:55 / 15.10.2021 17252

Iqtisodiyotni tiklash sur'atining tezlashishi va kambag‘allikni qisqartirish prognozlari yaxshilanishi barobarida, davlat siyosati to‘g‘ri amalga oshirilgan holda, Markaziy Osiyo davlatlari COVID-19 pandemiyasidan oldin kuzatilgan kambag‘allikni qisqartirish sur'atlariga qaytishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Jahon banki iqtisodchilari «Markaziy Osiyoda pandemiya va kambag‘allik qiyinchiliklarini yengib o‘tish» onlayn-brifingi doirasida ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2000-yillarning boshida Markaziy Osiyo mamlakatlarining kambag‘allikni qisqartirish sur'atlari dunyodagi eng tez bo‘lgan. Biroq, 2009 yildan boshlab bu sohadagi o‘sish sekinlashgan, mintaqadagi ayrim davlatlarda esa bu o‘sish hatto to‘xtab qolgan. Markaziy Osiyo davlatlari inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta'minlashda va kambag‘allikni qisqartirishda qiyinchiliklarga duch kelib turgan paytda COVID-19 pandemiyasi ularning iqtisodiyoti va xalq farovonligiga sezilarli zarba bergani aytildi.

Ma'lum qilinishicha, hozirda Markaziy Osiyoda kambag‘allik darajasi yana pasaymoqda. Biroq, yuqori inflatsiya va emlashning pastligi sharoitida, kambag‘al va aholining eng zaif qatlamlari oziq-ovqat mahsulotlari olishga bo‘lgan imkoniyati cheklangani, noaniqlik va bandlik imkoniyatlari kamligidan aziyat chekishda davom etmoqda. Bu, ayniqsa, mintaqadagi ayollarda namoyon bo‘lmoqda.

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha katta iqtisodchisi Uill Zeyts quyidagilarni qayd etib o‘tdi: «Markaziy Osiyo pandemiya oqibatida yuzaga kelgan birinchi zarbalardan keyin tiklanmoqda, ammo jarayon notekis ketmoqda. Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy omillari bo‘lgan migratsiya va pul o‘tkazmalari 2019 yil ko‘rsatkichlariga tez qaytmoqda. Mehnat bozorlari ham tiklanmoqda va ularning ishidagi uzilishlar ancha kam uchramoqda. Biroq, mintaqa hali kambag‘allikni qisqartirishning barqaror yo‘liga chiqib olishi kerak».

Bildirilishicha, Jahon banki kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlarining 3ta asosiy yo‘nalishini belgilab beradi, jumladan, aholini emlash, ish bilan ta'minlash va ish haqini oshirish hamda aholi eng zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ijtimoiy yordam dasturlarini yanada rivojlantirish. 

Jahon banki iqtisodchilarining ta'kidlashicha, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda mehnat bozori tiklanishini qo‘llab-quvvatlash choralari sifatida «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida yangi ish o‘rinlari yaratishni, xususiy sektor o‘sishi uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashni va yangi firmalar yaratishni o‘z ichiga olishi kerak.

Shu bilan birga, ish bilan bandlikni oshirish kambag‘allik bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qila olmasligi, aholi eng zaif qatlamlarini himoya qilish uchun ishonchli ijtimoiy xavfsizlik tizimlari zarurligi ta'kidlandi. O‘rta daromadli boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda, Markaziy Osiyodagi hukumatlar odatda aholining kamroq qismini ijtimoiy himoya xizmatlari bilan qamrab olishi aytilgan.

«COVID-19’ga qarshi samarali va xavfsiz vaksinalar olishga adolatli, keng imkoniyatlarni ta'minlash bilan bir qatorda, Markaziy Osiyo davlatlari zudlik bilan aholi orasida emlashning maqsadga muvofiqligi haqidagi shubhalarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi kerak, chunki ular tiklanish jarayonini sekinlashtirishi bilan tahdid qilmoqda», dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. 

Qayd etilishicha, emlangan har bir million kishiga mos ravishda global YaIM o‘rtacha 8 milliard AQSh dollari miqdorida ko‘payadi. Prognozlarga ko‘ra, iqtisodiyoti rivojlangan va emlash darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan mamlakatlar emlash darajasi past bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlarga qaraganda ancha yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatadi.

Ko‘proq yangiliklar: