Britaniyalik deputat saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida pichoqlab o‘ldirildi

Jahon 23:18 / 15.10.2021 12529

Britaniya parlamenti quyi palatasining konservatorlar partiyasidan deputati Devid Emess Angliya janubidagi Li-on-Si shahrida pichoq bilan hujum qilindi. Keksa deputat yetkazilgan tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. BBC telekanalining xabar berishicha, voqea deputatning shahardagi cherkovda joylashgan jamoatchilik qabulxonasida saylovchilar bilan uchrashuvi vaqtida yuz bergan.

Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, 25 yoshli erkak qabulxonaga kirib, 69 yoshli deputatga pichoq bilan bir necha marta zarba bergan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar erkakni qo‘lga olgan. Uning shaxsi va jinoyatni sodir etishi sababi hozircha noma'lum. Deputatga hujum joyida ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay, u olingan jarohatlardan vafot etgan. 

1983 yildan beri Britaniya parlamenti deputati bo‘lgan ser Devid Emess o‘z safdoshlari va saylovchilar orasida katta hurmatga ega bo‘lgan.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘z intervyusida hukmron partiya deputatining o‘ldirilishidan karaxtga tushganini aytgan. U marhumni “namunali xalq xizmatchisi” va Britaniya siyosatidagi “eng yoqimli va yaxshi insonlardan biri” bo‘lganini aytgan.

“Bu hodisa barchamizga og‘ir zarba bo‘ldi. Barcha o‘y-fikrlarimiz marhumning yaqinlari, rafiqasi va farzandlari bilan birga”, deb aytgan Jonson. Biroq u “Ushbu voqeadan keyin yetakchi siyosatchilar xavfsizligini kuchaytirish kerakmi?” degan savolga javob bermagan.

Emessning vafoti munosabati bilan Britaniya bosh vaziri qarorgohi joylashgan Dauning-stritda barcha bayroqlar tushirib qo‘yilgan.

Ta'kidlanishicha, ushbu hujum oxirgi yillarda britaniyalik deputatlarga qarshi sodir etilayotgan uchinchi shunday hodisadir. 2016 yilda leyboristlar partiyasi a'zosi Jo Koks ham saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida ekstremist qo‘lidan halok bo‘lgan. 2010 yilda esa partiyaning yana bir a'zosi Stiven Timmsga pichoq bilan hujum qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: