AQShda Boeing 737 Max halokatlari bo‘yicha ilk ayblovlar e'lon qilindi

Jahon 22:07 / 15.10.2021 8007

AQShning Texas shtati shimoliy okrugi federal katta hay'ati Boeing 737 Max samolyotlari bilan 2018 va 2019 yillarda yuz bergan aviahalokatlar bo‘yicha Boeing’ning sobiq xodimi Mark Forknerga ayblov bildirdi. Forkner Boeing 737 Max’ni ishlab chiqishda ishtirok etgan texnik uchuvchilar guruhiga boshchilik qilgan.

Unga AQSh federal fuqaro aviatsiya boshqarmasini (FAA) va Boeing mijozlarini aldash maqsadida firibgarlik sodir etish ayblovi ilgari surildi. Bu Boeing 737 Max samolyotlari bilan yuz bergan halokatlar bo‘yicha AQShda ilgari surilgan birinchi ayblov hisoblanadi.

Tergov fikricha, aviakompaniyalar uchuvchilarini o‘qitishga javobgar bo‘lgan Forkner FAA’ni aldab, Boeing tomonidan samolyotga kiritilgan ba'zi o‘zgarishlarni yashirgan. Jumladan, ayblanuvchi kompaniya samolyotning manyovr ko‘rsatkichlarini yaxshilash tizimiga kiritgan o‘zgarishlar haqida FAA’ga aytmagan. Keyinchalik aynan shu tizim aviahalokatlar sababi deb topilgan. Bundan tashqari, Boeing mijozlari samolyot haqida to‘liq va haqqoniy ma'lumotlardan bexabar tarzda o‘n millionlab dollarlik samolyotlar sotib olgan.  

Boeing’ning sobiq xodimiga umumiy hisobda 6ta band bo‘yicha ayblov bildirilgan. Ular bo‘yicha ayblanuvchi bir necha o‘n yillik qamoq jazosi olishi mumkin.

2018 yil oktyabrda Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasiga qarashli va 2019 yilda Ethiopian Airlines aviakompaniyasiga qarashli 737 MAX samolyotlari bilan yuz bergan aviahalokatlardan keyin ko‘plab davlatlar, jumladan, AQSh va Yevropa ittifoqi davlatlari ushbu seriyadagi samolyotlar ekspluatatsiyasini to‘xtatib qo‘ygandi. Ikkita aviahalokat oqibatida umumiy hisobda 346 kishi halok bo‘lgan.

Ushbu laynerlardan foydalanish ulardagi muammolar bartaraf etilgach, 2020 yil dekabr oyidagina AQShda yana yo‘lga qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: