Norvegiyada kamon va o‘qlar bilan qurollangan shaxs besh kishini o‘ldirdi

Jahon 11:15 / 14.10.2021 12360

Politsiya xabariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 18:13da Kungsberg shahri markazida qurollangan shaxs harakatlanayotgani to‘g‘risida bir necha xabar kelib tushgan. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, u yoy va o‘qlar bilan qurollangandi.

Matbuot anjumani vaqtida shahar politsiya bo‘limi boshlig‘i Oyvind Aas hozircha barcha savollarga javob bera olmasligi, chunki tekshiruv endi boshlangani va bu keng ko‘lamli tekshiruv bo‘lishini ma'lum qilgan.

U odamlarga o‘q uzgan shaxs qo‘lga olingani va politsiya ma'lumotiga ko‘ra jinoyatchi yolg‘iz harakatlanganini qo‘shimcha qilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi Coop Extra supermarketida odamlarga hujum uyushtirgan. Keyinroq u boshqa joyga ketgan.

Hujum motivlari hozircha ma'lum emas. Politsiya hozircha uning harakatlarini terakt sifatida kvalifikatsiyalashga ikkilanmoqda, ammo bunday ehtimol ham istisno etilmayapti.

Aas Kungsbergga Oslodan qo‘shimcha kuchlar, jumladan politsiya bo‘linmalari, portlovchi qurilmalar bo‘yicha mutaxassislar va tezkor harakatlanish xizmati guruhi yo‘llanganini qo‘shimcha qilgan.

Kungsberg meri Anne Sand Norvegiyadagi VG nashriga bergan intervyusida bu hodisa shahar uchun haqiqiy fojia ekanini aytib o‘tgan: «Biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz», degan u va shahardagi mehmonxonalardan biri jabrlanuvchilar uchun yordam ko‘rsatish markaziga aylantirilganini ma'lum qilgan.

Hujumdan keyin Norvegiya politsiya boshqarmasi mamlakatdagi barcha xodimlarga o‘qotar qurolni yonida olib yurish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Qoidaga ko‘ra Norvegiyada politsiyachilar alohida sababsiz o‘qotar qurol ko‘tarib yurmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: