Latviya prezidentida Shvetsiyadan qaytganidan keyin koronavirus aniqlandi

Jahon 20:04 / 14.10.2021 2263

Latviya prezidenti Egil Levits koronavirusga qarshi to‘liq emlanganiga qaramay virus yuqtirib oldi. Bu haqda prezident devonxonasining tibbiy markazi rahbari Yustina Deychmane ma'lum qildi.

Latviya prezidenti topshirgan PZR-test unda koronavirus borligini ko‘rsatgan. Ta'kidlanishicha, Levitsda kasallikning yengil alomatlari kuzatilmoqda.

Latviya rahbari virusga chalingani sababli Rigaga amaliy tashrif bilan kelgan Estoniyaning yangi prezidenti Alar Karisning u bilan 14 oktyabrdagi uchrashuvi, Ruminiya prezidenti Klaus Verner Yoxannisning Latviyaga 15-16 oktyabrga belgilangan tashrifi bekor qilingan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Levits 13 oktyabrda Shvetsiyadan amaliy safardan qaytgandan keyin koronavirusga ekspress-test topshirgan.

Levits Latviyaning birinchi darajali shaxslari orasida birinchilardan bo‘lib AstraZeneca vaksinasi bilan emlangan. U aprel oxiridayoq to‘liq emlashdan o‘tgan.

Latviya hukumatida ikki doza vaksina olganlarni qo‘shimcha emlash anchadan beri muhokama qilinmoqda. Hozircha hukumat oktyabrdan boshlab 65 yoshdan kattalarni qo‘shimcha emlashga qaror qilgan.   

Ko‘proq yangiliklar: