Qashqadaryoda 213 kilogramm paxtani qo‘shni tumanga olib chiqib ketayotgan shaxs to‘xtatib qolindi

O‘zbekiston 19:49 / 13.10.2021 1463

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida 213 kilogramm paxtani qo‘shni tumanga olib chiqib ketayotgan shaxs IIB xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan. Shuningdek, noma'lum shaxslar tomonidan dalada qoldirilgan 820 kilogramm paxta 4 kundan so‘ng paxta qabul qilish punktiga topshirilgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Mirishkor tumanida paxta xomashyosini talon-toroj qilish hamda chorva mollari tomonidan payhon qilish holatlarining oldini olish borasida tuman IIB xodimlari tomonidan profilaktik tadbir o‘tkazilgan.

Foto: Mirishkor tuman hokimligi

Tadbir davomida 2-sonli IIB tomonidan Pomuq massividagi «Bobonur Bozorov» fermer xo‘jaligi dala maydonida 4 kun davomida 820 kilogramm paxta saqlab turilgani aniqlanib, xomashyo Pomuq paxta qabul qilish maskaniga topshirilgan.

Bundan tashqari, «Navbahor» QFYda yashovchi B.I. shaxsiy mashinasida 213 kilogramm paxta xomashyosini Kasbi tumaniga olib ketayotgan vaqtida to‘xtatib qolingan. Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirishkor tuman sudiga yuborilgan.

Foto: Mirishkor tuman hokimligi
Ko‘proq yangiliklar: