Moldovada gaz taqchilligi sababli trevoga e'lon qilindi

Jahon 23:06 / 13.10.2021 9802

Moldova infratuzilma vaziri Andrey Spinu gaz bozoridagi murakkab vaziyat sababli mamlakatning energetika sohasida trevoga rejimini e'lon qildi.

“Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiya yig‘ilishida gaz sektoridagi vaziyat sababli trevoga rejimi e'lon qilindi. Bu energetika tarmog‘i korxonalari yanada qiyinroq holatlarga tayyor turishi uchun qilindi. Shuningdek, bu davlat idoralari yilning sovuq vaqtida fuqarolarni himoyalashi va mamlakat energetik xavfsizligini ta'minlashi uchun zarur”, deb aytgan vazir.

Uning ta'kidlashicha, gazni tejash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, energetika majmuasining bir qator korxonalari, xususan issiqlik elektr markazlari qisman mazut va ko‘mir ishlatishga o‘tgan.

Mamlakat hukumati 1 oktyabrda Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan gaz yetkazilishi bo‘yicha shartnomani bir oyga uzaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq shartnomaga ko‘ra, ming kubmetr gaz narxi 790 dollargacha oshgan. Vaholanki, sentyabrdagi shartlarga ko‘ra, Moldova gazni 550 dollardan sotib olgan.

Spinuning ta'kidlashicha, “Gazprom” bilan uzoq muddatli shartnomani tuzish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. “Moldovagaz” respublikadagi gaz iste'moli Rossiyadan yetkaziluvchi gaz hajmidan ko‘pligini ma'lum qilgan. Bu holat esa elektr energiya ishlab chiqarishda muammolarga olib kelishi mumkin.

Vazirning aytishicha, agar vaziyat hal bo‘lmasa, unda keyingi qadam mamlakat energetika sohasida favqulodda vaziyat e'lon qilinishi bo‘ladi. Biroq Moldova hukumati Rossiya kompaniyasi bilan oktyabr oxirigacha maqbul narxlarda yangi shartnoma tuza olishiga umid qilmoqda.

Oxirgi vaqtda gaz bozorida narxlarning keskin ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Bu esa Yevropada gaz bilan bog‘liq muammolarga olib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: