O‘zsanoatqurilishbankda transformatsiya: Buxoroda mijozlarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi ishga tushirildi

Jamiyat 20:00 / 12.10.2021 10111
Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Joriy yilda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan transformatsiya jarayonlarining so‘nggi bosqichi o‘z yakuniga yetkazilmoqda. Kuni kecha Bank Boshqaruvi a'zolari, Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Buxoro shahrida o‘tkazilgan anjuman va press-tur davomida Buxoro mintaqaviy filialida transformatsiya doirasida ishga tushirilgan mijozlarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi taqdimoti o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida banklarning samarali infratuzilmasini yaratish va faoliyatini avtomatlashtirish, universal xizmat ko‘rsatish nuqtalari tarmog‘ini rivojlantirish, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni keng joriy qilib, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish kabi muhim vazifalar belgilandi.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Bir necha yildan buyon O‘zsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari ko‘magida olib borilayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonida farmonda qayd etilgan ushbu vazifalarga ustuvor ahamiyat berildi. Bankning biznes modeli tubdan o‘zgartirildi, barcha ishlar mutlaqo yangi strategiya asosiga bunyod etilmoqda.

Bugunga kelib mijozga yo‘naltirilganlik tamoyili asosida ish faoliyati butunlay yangidan tashkil etilgan Buxoro mintaqaviy filiali misolida bu boradagi ishlar salmog‘i va samaradorligini ko‘rish mumkin.

Xususan, faqat mijozlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan front ofis ishi aholiga har jihatdan manzur bo‘lib, filialda ish unumdorligini bir necha baravarga orttirdi.

Kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, jismoniy shaxslar uchun esa 1,6 barobarga oshirilib, chakana mijozlar soni 1,7 barobarga o‘sdi. Xodimlarning ularga tegishli bo‘lmagan vazifalarni bajarish holatlari kamaytirildi. Bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga ko‘paydi.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Tarmoq sotuvini boshqarish va qo‘llab-quvvatlash markazlashtirildi.

Ilgari har bir filial o‘ziga tegishli Bank xizmatlari markazlari va chakana kassalari tarmog‘ini boshqargan bo‘lsa, hozirda barcha tarmoqlar boshqaruvi mintaqaviy filial zimmasiga o‘tkazilib, quyi filiallar faqat mijozlar bilan ishlashga biriktirildi.

Bank mahsulotlarini sotish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha vazifalar markazlashtirildi.

– Filialda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda, ayniqsa, biznes natijalariga asoslangan kaskadli rag‘batlantirish tizimining joriy etilganligi ko‘proq samara bermoqda, – deydi Bank mahsulotlarini sotish va tarmoqlarni muvofiqlashtirish departamenti direktori Bahodir Nizomov. – Bu borada front-ofisdagi har bir xodim uchun uning vazifalari bilan bog‘liq holda rag‘batlantirishning yangi tizimi ishlab chiqildi. Avval butun filial uchun reja tuzilgan bo‘lsa, hozir har bir xodim o‘z shaxsiy rejasiga ega. Shu asosda har chorak yakuniga ko‘ra, sotuv va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yuqori natijaga erishgan xodimlar alohida rag‘batlantirilmoqda.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Shuningdek, filialda mijozlarga mijozbay xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etildi. Bu bilan mijozlarga individual xizmat ko‘rsatuvchi menejyerlar doirasi shakllantirildi. Xususan, chakana biznes blokiga 3 nafar, potensial mijozlar uchun 7 nafar, yuridik shaxslar uchun 3 nafar, korporativ mijozlarga 1 nafar menejyer tayinlandi. 9 nafar biznes menejyeri va yana shuncha universal servis menejyeri, 5 nafar ofis va 12 nafar xizmat menejyeri ishga jalb qilindi.

Transformatsiyadan oldin xodimlar tomonidan tor yo‘nalishli mutaxassis sifatida “bir xodim – bitta mahsulot” tamoyiliga muvofiq, xususan, kassaning har bir oynasida bitta operatsiya bo‘yicha (valuta ayirboshlash, pul o‘tkazmalarini qabul qilish, kommunal to‘lovlar) xizmat ko‘rsatilgan. Bu holat mijozlarga qator noqulayliklar tug‘dirgani ham bugun hech kimga sir emas.

Transformatsiyadan so‘ng, kassalar faoliyati universallashtirildi. Naqd pulli operatsiyalarni navbatlarsiz qabul qilish maqsadida chakana biznes mijozlari uchun pul o‘tkazmalari, omonatlarni rasmiylashtirish, barcha turdagi kartalar va SVIFT operatsiyalari uchun «yashil yo‘lak» tashkil etildi.

Xodimlarning asosiy faoliyati sotuvga yo‘naltirganligi natijasida xizmat ko‘rsatish tezligi 1,5 baravarga oshirildi.  

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Yuridik shaxslar uchun valuta bilan ishlash, hisob raqam ochish, kredit, operatsion xizmatlar va to‘lovlar bo‘yicha toifalangan xodimlar jamoasi yangi tizimga ko‘ra, biznes menejyerlar jamoasiga almashtirildi.

Bankda o‘qishdan oldin test o‘tkazish tizimi bo‘yicha joriy qilingan o‘rtacha bilim darajasi 41 foizdan 73 foizgacha oshirildi.

IT dasturlar zamonaviy modelga moslashtirildi va modernizatsiya qilindi.

– Bugungi kunda mijozlarimiz bazasi va mijozlar bilan munosabatlarimiz raqobatbardoshligimizni ta'minlovchi asosiy ustunligimiz hisoblanadi, – deydi Boshqaruv raisi o‘rinbosari Shohpur Gulto‘rayev. – Buni yanada rivojlantirib borish maqsadidamiz. Buning uchun mijozlarning haqiqiy ehtiyojlarini aniqlab, yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishga, bu borada har bir mijoz talab va xohishlariga individual yondashishga harakat qilayapmiz.

Muxtasar qilib aytganda, transformatsiya jarayonlarining yakuniy bosqichi amalga oshirilayotgan O‘zsanoatqurilishbank filiallari tarmog‘i butunlay isloh etilmoqda.

Eng muhimi, davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmonida qayd etilganidek, bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, yirik korxonalar va tadbirkorlik sub'yektlarining investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda keng miqyosli  mexanizm yaratish hamda bank xizmatlarining hududiy qamrovini ta'minlashga munosib hissa qo‘shilmoqda.

O‘zsanoatqurilishbank axborot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: