Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev mavsumiy gripp kasalligining tarqalish ko‘rsatkichlari va asoratlari haqida SSV axborot xizmati bilan suhbatda ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, gripp o‘tkir va tez yuquvchi kasallik bo‘lib, uni keltirib chiqaruvchi viruslarning A, V, S turlari ma'lum bo‘lib, kasallikning asosiy tarqatuvchisi gripp bilan og‘rigan bemor hisoblanadi. 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 65 yoshdan oshgan keksalar hamda homilador ayollar uchun ushbu kasallik o‘ta xavfli hisoblanadi.
“Grippning belgilari kasallik yashirin davrining 1-4 kunlari paydo bo‘lib, mavsumiy gripp tana haroratining to‘satdan ko‘tarilishi (38 C – 40 C), yo‘tal (odatda quruq, zarbli, ko‘krak sohasida og‘riq bilan kechadi), bosh, mushak, tomoq va bo‘g‘imlarda og‘riq hamda holsizlik kabi belgilar bilan boshlanadi. Ba'zi hollarda esa qorin og‘rig‘i va ich ketishi kuzatiladi.
Shuningdek, grippga chalingan bemorda yuqori tana harorati bir necha kungacha davom etishi va aksariyat hollarda isitma tana haroratini pasaytiruvchi dorilar ta'sirida tushmasligi mumkin”, dedi mutaxassis.
Kasallikning bolalarda og‘ir kechishida nafas olishning tezlashishi va og‘irlashishi, ishtahaning yo‘qolishi, degidratatsiya va e'tiborning kamayishi kabi belgilar kuzatiladi. Ko‘pgina bemorlar to‘g‘ri davolansa, 5-6 kun ichida sog‘ayib ketadi. Lekin xavf guruhiga kiruvchilarda gripp asoratlari rivojlanishi yoki o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin.
Xolmamat Norboyevning ta'kidlashicha, ko‘pchilik grippni “beozor” kasallik deb o‘ylaydi. Ammo gripp keltirib chiqaradigan asoratlar uning o‘zidan-da xavfli hisoblanadi. Agar bemor davolanishga yetarli darajada e'tibor bermasa, kasallik o‘pkada bakterial zotiljam, gemorragik zotiljam, o‘pka abssessi va o‘tkir respiratorli distress sindromiga sabab bo‘lishi va bakterial rinitlar, sinusitlar, otitlar, traxeobronxitlar, virusli ensefalit, meningit, nevrit, radikulonevrit, jigarning zararlanishi, tosiko-allergik shok kabi salbiy asoratlar qoldirishi mumkin.
Ayniqsa homilador ayollar uchun xavfli bo‘lgan gripp homilaning chala yoki vaqtidan erta tug‘ilishi, neonatal o‘lim va go‘dakning kam vazn bilan tug‘ilishiga olib keladi.
Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi davomida rasmiy ravishda 1483 ta grippga chalinish holati ro‘yxatga olindi. Gripp bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi 0–2 yoshdagi bolalar o‘rtasida ro‘yxatga olinib, intensiv ko‘rsatkich shu yoshdagi 100 ming nafar bola soniga nisbatan 26,3 tani tashkil etmoqda. Shuningdek, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimizda 323 ming 593 ta holatda o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish qayd etilgan.
Ma'lumot uchun: gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya) sovuq tushishi bilan ko‘payadigan asosiy yuqumli kasalliklar bo‘lib, bir-biriga o‘xshasa ham alohida turdagi kasallik hisoblanadi.
Gripp – yuqumli respirator kasallik bo‘lib, uning qo‘zg‘atuvchisi – gripp virusidir.
O‘RVI – o‘tkir respirator virusli infeksiyalar guruhi. Bu guruhga respirator-sinsitial infeksiya, rinovirus, adenovirus va yuqori nafas yo‘llarining boshqa infeksiyalari kiradi. O‘RVIga nisbatan gripp xavfli hisoblanadi. Chunki uning asoratlari yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.