Britaniyada supermarketlar peshtaxtalari bo‘shab qoldi

Jahon 22:29 / 11.10.2021 15620

Britaniya supermarketlarida oziq-ovqat mahsulotlari tugab bormoqda. Buning sababi - britaniyaliklar taqchillik tufayli mahsulotlarni zaxiralab qo‘ymoqdalar, deb xabar berdi Daily Mail nashri.

Milliy statistika boshqarmasining xabar berishicha, mahsulotlarning sarosimada sotib olinishi mamlakatning har oltinchi fuqarosi 25 sentyabrdan 9 oktyabrgacha asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qila olmaganiga olib keldi.

9 oktyabrda internetda mamlakatdagi do‘konlarning bo‘shab qolgan peshtaxtalari suratlari tarqaldi. Suratlarda, shuningdek, xaridorlar aravachalari hojatxona qog‘ozi va suv bilan uyub tashlanganini ko‘rish mumkin. Minglab xaridorlar Rojdestvo bayramini to‘kin dasturxon atrofida kutib olish uchun 25 dekabrga taomlar yetkazilishini oldindan bronlab qo‘yishgan, har uchinchi britaniyalik esa ushbu kunga mahsulotlarni zaxiralashni boshlagan. The Grocer nashri o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, iste'molchilarning uchdan ikki qismi Rojdestvo bayramiga yeguliklar va ichimliklar tugashidan xavotir bildirmoqda.

Britaniyada bunday vaziyat haydovchilar yetishmayotgani bilan bog‘langan. Mahsulotlarni yetkazish tarmog‘i qo‘shimcha 100 ming xodimga ehtiyoj sezmoqda, chunki Brexit va pandemiya sababli mamlakatdan ko‘plab xorijiy ishchilar ketib qolgan. Bundan tashqari, ishchi kuchi yetishmasligidan mehmonxona biznesi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati ham aziyat chekmoqda. Mamlakatda elektr energiya narxi keskin ko‘tarilgani sababli o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxonalar ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatga parranda, chorva go‘shti va qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi bilan tahdid solmoqda.

Britaniya hukumati muammoni hal qilish uchun qat'iy choralarga bormoqda. Jumladan, yaqinda mahsulotlar yetkazilishiga harbiy haydovchilar jalb qilina boshlandi. Rasmiy shaxslarning ta'kidlashicha, hukumat taqchillikning oldini olish uchun harbiylarga bayram kunlari ham mahsulotlar yetkazishni buyurishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: