Zamonaviy qullik va ijtimoiy tengsizlikdan qochganlar haqida drama – Squid game nega buncha mashhur bo‘lib ketdi?

Jamiyat 19:15 / 10.10.2021 39215

17 sentyabrda Netflix platformasiga joylashtirilgan Janubiy Koreyaning Squid game (“Kalmar o‘yini”) dramasi 2 kunda platformaning top 10talikdagi kinosiga aylandi.

Foto: Netflix

To‘qqiz qismdan iborat kino hozir 90dan oshiq davlatda xitga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinyapti, butun dunyo kino haqida gapiryapti.

TikTok’da #SquidGame heshtegi ostidagi postlar 22,8 mlrd marta ko‘rilgan. Har xil memlar yasalyapti. Kinoning o‘zi Netflix’ga joylanganidan so‘ng keyingi oy – oktabr kelib ulgurmasdan “ingliz tilida bo‘lmagan dunyoda eng ko‘p tomosha qilingan shou” darajasiga chiqib ulgurdi. Netflix kinoni 37 tildagi subtitr va 34 tildagi dublyajini ham taqdim qilgan, bu ham dramaning ko‘proq ko‘rilishi va ommalashishiga sabab bo‘lmoqda.

Squid game. Kino nima haqida?

9 qismdan iborat kino bosh qahramon Gi Hunning hayoti haqidagi tasvirlar bilan boshlanadi. U keksa onasiga e'tiborsiz, 10 yoshli qizi esa ajrashgan xotini bilan yashaydi, ba'zida onasining pulini o‘g‘irlab qimor o‘ynab turadi. Gi Hun – jamiyatning eng quyi vakillaridan biri. U o‘ziga o‘xshagan jami 456 kishi qatorida sirli o‘yinga taklif qilinadi. Yutuq 45,6 mlrd von – 38 mln dollar. Lekin o‘yinda faqat bir kishi g‘olib bo‘ladi, g‘alaba nafaqat boyib ketish, balki tirik qolishning ham yagona shartidir.

Foto: Netflix

Ishtirokchilar o‘ynashi kerak bo‘lgan 6ta o‘yin ham koreys xalq bolalar o‘yinlaridan iborat bo‘ladi. Biroq yuzaga kelgan tahlikali vaziyat, hayot-mamot jangida ishtirokchilar oddiy o‘yinlarning shartini bajarishga juda qiynaladi.

1-o‘yin: “Qizil chiroq, yashil chiroq”

Xalq o‘yini hisoblangan bu o‘yinda ishtirokchilar ulkan robot qo‘g‘irchoq kuylaganda harakatlanish, qo‘shiq to‘xtaganda qimir etmasligi kerak. Qo‘shiq aytilmayotgan paytda harakatlanib qo‘ygan ishtirokchi otib tashlanadi.

Foto: Netflix

O‘yin dahshatini his qilib ulgurgan va 1-shartda tirik qolgan ishtirokchilar o‘yinni to‘xtatishni, o‘zlarini qo‘yib yuborishlarini qattiq talab qiladi. Biroq ularga 38 mln dollarlik yutuq puli ko‘rsatilgach, ikkilanishlar paydo bo‘ladi. Sababi ishtirokchilarning hammasi ilojsiz, kimdir qarzga botgan, kimdir oilasi uchun pul ishlashi kerak, ishsiz, chorasiz edi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik ovoz bilan o‘yinni to‘xtatishga kelishib olinib, ishtirokchilar qo‘yib yuboriladi. Biroq o‘yinchilarning asosiy qismi yana o‘yinni davom ettirish uchun qaytib keladi va navbatdagi dahshatli, lekin oddiy bolalar o‘yinlarida qatnashadi.

2-o‘yin: “Dalgona mashaqqati”

Foto: Netflix

Bu shartda ishtirokchilarga koreyslarning eritilgan shakar va iste'mol sodasi qo‘shib pishirilgan shirinligi beriladi. Ular pechene ichidagi shaklni sindirib qo‘ymasdan olishlari kerak edi, uddasidan chiqa olmasdan shaklni sindirib qo‘yganlar otib tashlanadi.

3-o‘yin: “Juldarigi – arqon tortish”

Ishtirokchilar 10 kishilik jamoalarga bo‘linib bir-biri bilan arqon tortishadi, g‘olib jamoalar a'zolari tirik qoladi. Ayni shu shartda ishtirokchilar o‘rtasida bir-biriga nisbatan biroz ishonch paydo bo‘ladi. Juldarigi ham koreys folklorining asosiy durdonalaridan biri hisoblanadi.

4-o‘yin: Toshlar o‘yini

4-o‘yinda ishtirokchilar toshlar bilan o‘ynaydi. Har bir ishtirokchiga toshlar beriladi va ular juftlarga bo‘lingan holda bir-biri yashirgan toshlarni topish orqali sherigidagi hamma toshlarni qo‘lga kiritishlari kerak bo‘ladi. Toshi qolmagan ishtirokchi otib tashlanadi. Bu o‘yin ham Janubiy Koreyada o‘ynab kelinadi.

Bu shart uchun hamma o‘ziga eng yaqin bo‘lgan ishtirokchini sherik qilib tanlaydi. Lekin shartni eshitgach dahshatga tushishadi, sababi faqat bir kishigina tirik qolishi mumkin edi, xolos. O‘rtadagi ishonchga esa putur yetadi, tirik qolish istagida xiyonat ham sodir bo‘ladi.

5-o‘yin: Shisha yo‘lakdan o‘tish

Bu o‘yinda ishtirokchilardan shishalar bo‘ylab yurish talab etiladi. Sifatsiz shishaga qadam bosilsa, u sinib ketadi, sifatli shishani topa olish – omon qolish deganidir.

6-o‘yin: Kalmar o‘yini – Squid game

Bu o‘yin dramaning sarlavhasi hamdir.

Kalmar – (Squid) uzun tanali, 10ta oyoqli dengiz hayvoni hisoblanadi.

Kalmar o‘yini Koreyada bolalar tomonidan o‘ynaladi. Unda kalmar shakli qumli maydonga chiziladi va hujumchi, himoyachilarga bo‘linadi. Film direktori Hvang Dong Hyuk matbuot anjumanlaridan birida bolaligida bu o‘yinni ko‘p o‘ynaganini, unda ishtirokchilar o‘ta hujumkor bo‘lishi kerakligini bildirgan.

“Bu ramziy o‘yin bugungi raqobatbardosh zamonni anglatadi. Shuning uchun ham u kino sarlavhasi sifatida tanlangan”, degan u.

Filmda bu o‘yinga faqat ikki ishtirokchi: bosh qahramon Gi Hun va uning bolalikdagi do‘sti Sang Vo yetib kela oladi.

Ijtimoiy yuk

Janubiy Koreyada kuchayib borayotgan ijtimoiy notenglik bundan oldinroq shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “Parazitlar” kinosida ham aks ettirilgandi. Squid game dramasi qahramonlari ham “Parazitlar”dagiga o‘xshash, ular ham koreys jamiyatida yuzaga kelayotgan ijtimoiy notenglikni aks ettiradi. Ular pulsiz, qarzga botgan, ishsiz yoki boshqa muammosi bor. Ishtirokchilar orasida pokistonlik migrant, shimoliy koreyalik qiz ham bor. O‘yinda tashqi dunyodagi notengliklardan farqli ravishda ishtirokchilarning hammasiga teng imkoniyat beriladi.

Foto: AFP/Netfliix/Youngku Park

Kinoda Koreyada quyi sinf qatlamining ish bilan bandligi muammoli ekani yaqqol ko‘rinadi. Masalan, bosh qahramon Gi Hun qarzlarini qimorda topgan puli orqali qoplamoqchi bo‘ladi, onasini davolata olmaydi. Drama – foizi o‘sib boradigan qarzlar insonlarni zamonaviy qullikka tushirib qo‘yishi mumkinligini aks ettiradi.

Janubiy Koreyada uy xo‘jaliklari qarzi tashvishlanarli tarzda oshgan. To‘satdan ishdan bo‘shatishlar, oila a'zolarining kasal bo‘lib qolishi qarzdorliklarni yanada oshiradi. Ijtimoiy notenglik esa katta jarlikka aylangan. Mamlakatda yuqori daromad oladigan 20 foiz aholi past daromadli eng quyi 20 foiz aholiga qaraganda 166 marta ko‘proq pul topadi.

Puli yo‘q odamlar ilojsizlikdan foizli qarzlar oladi, o‘sib boradigan qarzlar esa ularni ilojsizlik botqog‘iga itarib yuboradi. Bunday muammoli shaxslardan tashqari, jamiyatda normal hayotga ega bo‘lish uchun kurashayotgan muhojirlar ham bor.

Misli ko‘rilmagan mashhurlik sabablari haqida taxminlar

Kinoda butun dunyo qiziqadigan o‘yin-shoulariga xos xususiyatlar aks ettiriladi. Bu xuddi boylik orttirish uchun odamlar qatnashadigan realiti ko‘rsatuvlarga o‘xshaydi.

Serialdagi murakkab vaziyatlarda komedik holatlar ham aks etadi. Tasvirdagi murakkab vaziyat va unga butunlay qarama-qarshi bo‘lgan quvnoq, romantik musiqalar ham tomoshabinga g‘alati ta'sir qiladi.

Bundan tashqari, film o‘ta yuqori sifatda suratga olingan. Kinoni juda ko‘p tilda tomosha qilish imkoniyati ham tezlik bilan ommalashishga yordam beryapti.

Squid game’ni butun dunyo tomosha qilayotgan bir paytda Oksford lug‘ati o‘ziga 26ta koreys so‘zi qo‘shilganini e'lon qildi. Bunga Squid game, “Parazitlar” kabi muvaffaqiyatli kinolar mualliflari bo‘lgan madaniyat eksportchilarining hissasi katta.

Squid game effekti

Squid game unda rol o‘ynagan aktyorlarga ham misli ko‘rilmagan darajada mashhurlik taqdim etdi. Masalan, shimoliy koreyalik migrant qiz rolini ijro etgan Jung Ho Yeonning Instagram obunachilari kino Netflix’ga joylashtirilgan 17 sentyabrda 40 ming bo‘lgan, hozir esa aktrisani 17,7 mln odam kuzatyapti.

Foto: Netflix

Kino fanatlari ko‘pligi sabab ishtirokchilar kiygan oyoq kiyim, sportivkalar savdosi ham haddan tashqari oshib ketgan. Masalan, oq slipanlarning savdosi 7,8 ming foizga oshgan, ularni qidirish hajmi esa 97 foizga.

Foto: Netflix/Vans/Divulgação

Balki, birozdan keyin dunyoning turli burchaklarida xuddi Squid game dramasi qahramonlari singari kiyinib olgan odamlar paydo bo‘lib qolsa ham ajab emas.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: