Tajriba: qaysida tezroq - velosiped yoki jamoat transporti?

Jamiyat 11:23 / 06.10.2021 16805

Muzaffarxon Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 2-bosqich talabasi.

«Har kuni ertalab bir necha kilometrga velosipedda borib kelaman. Eng avvalo, tanamga kuch-quvvat kiradi, kayfiyatim ham ko‘tariladi. Umuman olganda, velosipedda uchish juda zo‘r mashg‘ulot. Ammo buni ayrimlar tushunishmaydi», deydi tajriba ishtirokchisi.

Madina esa O‘zbekiston Milliy universiteti 1-bosqich talabasi. U tajribada ishtirok etishga rozi bo‘lar ekan, har kuni o‘qishga avtobusda borishi, uyga ham aynan mana shu transport vositasi orqali qaytishi haqida aytdi.

«Chunki yo‘nalishi qulay. Chipta narxi arzon. To‘g‘ri, ayrim paytlar kechikib keladi. Kutaverib bekatda zerikib ham ketaman», deydi u.

Tajribaning sharti oddiy edi. Ikki ishtirokchi bir vaqtning o‘zida avtobus bekatidan biroz yiroqda yo‘lga tushishdi. Eng asosiysi, manzilga yetib olish.

Velosiped haydovchisiga biroz qiyin bo‘lishi tayin edi. Chunki shahar ko‘chalarida velosiped uchun maxsus yo‘lakchalar juda kam. Katta avtomobil yo‘lida esa xavfsizlik choralarini ko‘rish va yo‘lda ehtiyot bo‘lib harakatlanish lozim.

Qayd etish joiz, xorijda, ayniqsa, Yevropada velosipedda ishga, o‘qishga borish oddiy holat. Ular uzoq masofaga aynan mana shu transport vositasida qatnashni ma'qul ko‘rishadi. Chunki velosipedda harakatlanish inson salomatligi uchun ham juda foydali. O‘zbekiston aholisining aksar qismi avtobusda yurishni afzal ko‘radi. Ammo ko‘p hollarda avtobus ichi yo‘lovchilar bilan to‘la bo‘ladi. Chunki erta tongdan hamma ishga yoki o‘qishga shoshadi. Avtobusdagi barcha o‘rindiqlar band bo‘lsa ham, odamlar manziliga tezroq yetib olish uchun tiqilinchga qaramay avtobusga chiqaverishadi.

Tajribaga qaytadigan bo‘lsak. Ishtirokchilar 4 km masofani 15 daqiqa ichida bosib o‘tishdi - velosiped haydovchisi avtobus bilan bir vaqtda ko‘zlangan manzilga yetib keldi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, agar shahrimizning barcha hududlarida velosiped yo‘laklari bo‘lsa, bu transport vositasida harakatlanish yanada qulayroq, tezroq va xavfsizroq bo‘lar edi. Shunda ko‘proq odamlar ish yoki o‘qishga qatnashda velosipedni tanlashadi. Shahar ahli esa bundan faqat foyda ko‘radi: ekologiyaga kamroq zarar berilib, jamoat transportida kamroq nizolar bo‘ladi, sog‘lom va baxtiyor odamlar soni ko‘payadi.

Ko‘proq yangiliklar: