Dunyodagi vaziyat: Rossiyada o‘lim holatlari bo‘yicha antirekord, Avstraliyada kasallik ko‘paymoqda

Jahon 19:15 / 03.10.2021 36349

Rossiyada o‘lim holatlari bo‘yicha antirekord qayd etildi - mamlakatda bir kunda koronavirusga chalingan bemorlarning 890 nafari vafot etdi. Londonda marafon o‘tkazildi - o‘tgan yili pandemiya tufayli bu musobaqa ham «virtual rejim»da o‘tkazilgandi - unda koronavirusga test topshirgan 40 mingdan ortiq chopuvchi ishtirok etdi. Avstraliya va Yangi Zelandiyada yangi holatlar o‘sdi. BBC dunyoda Covid-19 bilan bog‘liq so‘nggi yangiliklarni keltirdi.

Rossiyada o‘lim holatlari antirekordi
Rossiyada so‘nggi bir kunda 890 kishi koronavirus tufayli vafot etgan - bu pandemiya boshidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mamlakatda 2 oktabr kuni jami 25 769 kishida koronavirus aniqlangan - bu bir kun oldingiga qaraganda 550taga ko‘proq.

Operativ shtab ma'lumotlari Rossiya statistika muassasalari ma'lumotlaridan farq qiladi. Rosstat o‘z hisobotlarida nisbatan yuqori o‘lim holatlarini qayd etadi. Rosstatning avgust oyi oxirida berilgan so‘nggi ma'lumotlaridan Rossiyada 2021 yilning iyul oyining o‘zida 50 mingdan ortiq kishi koronavirus qurboniga aylanganini ko‘rish mumkin. Operativ shtab ma'lumotiga ko‘ra esa, pandemiya boshidan buyon Rossiyada 209 918 kishi ushbu kasallikdan o‘lim topgani qayd etilgan.

AQShda 2 oktabr kuni koronavirus qurbonlarining jami soni 700 mingdan oshdi. Qo‘shma Shtatlarda bir kunda 120 mingdan oshiq yangi holat qayd etilib, koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 2 457 nafari olamdan o‘tgani ro‘yxatga olingan.

London va Pekin marafonlari ko‘chalarga qaytmoqda

Britaniya poytaxtida yana London marafoni o‘tkazilmoqda, o‘tgan yili pandemiya tufayli poygalar virtual rejimga o‘tkazilgandi. Bu yili marafonda 40 mingdan ortiq chopqir qatnashadi. Barcha ishtirokchilar koronavirusni aniqlash uchun test topshirishgan. Tashkilotchilar kasallik tarqalishi xavfini yanada kamaytirish uchun sportchilar alohida guruhlarga bo‘lingan holda startga chiqishi imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda.

Marafon ishtirokchilari Londondagi Blekhit tumanida startga chiqishadi, finish - Bukingem saroyida.

Yana 40 mingga yaqin kishi marafonda masofadan turib ishtirok etadi: ular marafon masofasida maxsus ilovadan foydalangan holda o‘z marshruti bo‘ylab harakatlanadi.

O‘tgan yili marafonni apreldan oktabr oyiga ko‘chirishga to‘g‘ri kelgandi, o‘tgan yil bahorida mamlakatda Covid-19 avj olishi munosabati bilan qat'iy cheklovlar joriy qilingandi.

2020 yil oktyabrida marafon virtual rejimda o‘tkazildi, real formatda esa faqat saralanganlar yugurishdi - poyga Sent-Jyeyms parki bo‘ylab 19 aylanada tashkil etildi, musobaqa muxlislar va tomoshabinlarsiz o‘tdi.

Pekindagi marafon 31 oktyabrda bo‘lib o‘tadi. 2020 yilda bu poyga pandemiya tufayli bekor qilingandi.

Pekin marafonida 30 ming kishi qatnashishi kutilmoqda. Marafon ishtirokchilari poyga boshlanishidan oldin kamida 21 kun davomida Pekinda bo‘lishi va har kuni o‘z sog‘ligi holati bo‘yicha hisobot topshirishi kerak.

Shuningdek, faqat vaksina qabul qilgan sportchilargagina marafonda ishtirok etishga ruxsat berilgani qayd etilgan, ular ham poygadan oldin koronavirus uchun PsR-test topshirishi kerak bo‘ladi.

Klopp: antivakserlar xuddi mast haydovchilar kabi
«Liverpul» klubi bosh murabbiyi Yurgen Klopp vaksinatsiyaga qarshi chiquvchilarni sarxush haydovchilarga qiyosladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar mashina boshqarishi uchun alkogoldan voz kechishi kerak bo‘lgani kabi, ko‘chada harakatlanish uchun emlanishi ham kerak.

«Ehtimol bu barchamizga tanish vaziyatdir, bir krujka pivodan keyin biz avtomobil boshqara olish holatidamiz, deb o‘ylaymiz. Ammo qonunchilikka ko‘ra bunday holatda rulga o‘tirish taqiqlangan», degan Yurgen Klopp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Liverpul» futbolchilarining 99 foizi vaksina olib bo‘lgan.

«Men futbolchilarni ishontirishimga to‘g‘ri kelmadi, jamoa buni o‘z o‘zidan qo‘llab-quvvatladi. Men qaysidir futbolchi bilan alohida gaplashib, nima uchun emlanishi kerakligini tushuntirishimga to‘g‘ri kelgan vaziyatni eslay olmayman. Axir men doktor emasman», deydi germaniyalik mutaxassis.

Avstraliya va Yangi Zelandiyada kasallik ko‘paymoqda
Avstraliyada yakshanba kuni 1900dan ortiq kishida koronavirusning «Delta» shtammi bilan kasallanish holati qayd etildi. Mamlakatning aholi eng ko‘p yashaydigan ikki shtatida - Viktoriya va Yangi Janubiy Uelsda kasallik avj olishish holatlari kuzatilmoqda. Bu ikki shtatda bir kunda 1887ta kasallanish va 13ta o‘lim holatlari qayd etilgan.

So‘nggi ikki oy (58 kun) mobaynida birorta kasallanish holati qayd etilmagan Tasmaniya orolida ham yangi holatlar qayd etila boshlagan.

Yangi Zelandiya yakshanba kuni Covid-19 avj olishi tufayli chegarani kesib o‘tishda talablar qat'iylashtirishi haqida e'lon qildi.

Yangi cheklovlarga ko‘ra, mamlakat hududiga kirish uchun sayohatchilar (17 yoshdan katta va Yangi Zelandiya fuqarosi bo‘lmaganlar) to‘liq vaksina qabul qilgan bo‘lishi talab etiladi.

Yangi cheklovlar haqida Hamilton shahrida ikkita kasallanish holati qayd etilishi ortidan e'lon qilindi. Bu shahar avgust oyida kasallik avj olishi tufayli lokdaun joriy qilingan Oklend shahridan 160 km masofada joylashgan. Ammo mamlakat hukumati Hamiltondagi yangi kasallanish holatlari Oklenddagi o‘choq bilan bog‘liq emasligini aytishmoqda.

Yangi Zelandiyadagi Air New Zealand aviatashuvchisi ham 1 fevraldan o‘z xalqaro reyslarida faqat to‘liq emlangan yo‘lovchilarni tashishini ma'lum qildi.

Yangi Zelandiyada pandemiya boshidan buyon koronavirusdan 27 o‘lim qayd etilgan, kasallanish holatlari 4 mingdan yuqoriroq. Mamlakatda kasallanish darajasi juda pastligicha qolgani pandemiya boshidayoq qat'iy cheklovlar o‘rnatilgani bilan izohlanadi.

Emlanish uchun sud orqali kurash
12 yoshli niderland sud orqali Covid-19ga qarshi vaksina olish huquqini qo‘lga kiritdi, u endi bemor buvisini ziyorat qilishga borishi mumkin bo‘ladi.

Bolaning otasi vaksinaga ishonchsizlik bilan qarovchilar qatorida va u o‘g‘li emlanishiga qarshi. Niderlandiyada 12-17 yoshlardagi o‘smirlar uchun vaksinaga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, bu yosh toifasi vakillarini emlash uchun ota-onalarning roziligi talab etiladi.

Groningen shahri sudyasi Bart Tromp bolaning tarafini olib, bu ishda uning manfaatlari otasining qayg‘urishidan ustunroq deb qaror chiqardi.

Sud materiallarida aytilishicha, da'vogar yengil saratonning to‘rtinchi darajasi tashxisi qo‘yilgan buvisi bilan imkon qadar ko‘proq vaqt o‘tkazishni istagan.

Sud otaning vaksinalar yetarlicha sinovlardan o‘tmagani va ular insonning reproduktiv organlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi da'volarini rad etdi.

Sudyaning so‘zlariga ko‘ra, uning sabablari ilmiy dalillarga asoslanmagan.

Bolaning ota-onasi ajrashgan, ona o‘g‘lining sudlashish borasidagi qarorini qo‘llab-quvvatlagan.

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, agar ota-onalar ularning roziligi talab etiladigan biror masalada kelisha olishmasa, sud bolaning manfaatlarini hisobga olgan holda qaror qabul qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: