Bog‘dorchilik va poliz ekinlari ekish bilan shug‘ullanuvchi 100dan ortiq sirdaryolik fermer Kun.uz'ga murojaat qilib, “Sardoba” toshqini taxminan 2 ming gektar maydondagi hosilni oqizib, yerlarni o‘nglab bo‘lmas holga keltirganini ma'lum qilgan. Qariyb bir yarim yildan buyon zararlari qoplab berilmagan fermerlar, shuningdek, soliqchilar tinmay bezovta qilayotganini ham ta'kidlagandi.
1 oktabr kuni ushbu fermerlar Sirdaryo viloyati Moliya boshqarmasi tomonidan Mirzaobod tuman hokimligi binosiga chaqirilgan. Kun.uz bilan gaplashgan fermerlarning aytishicha, mas'ullar, xususan viloyat Moliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Rahimov Mirzaobod tumani prokurori bilan fermerlarni yakka suhbatga olib kirgan.
Suhbatda Rahimov va boshqalar fermerlarga baholash tashkiloti xulosasidagi summadan ancha past pul taklif qilishgan.
Xususan, “Hasanboy anorzori” fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar baholash tashkiloti tomonidan 140 million so‘mga baholangan bo‘lsa, unga 30 million so‘mni “indamasdan” olish taklif qilingan.
“Shukurillo fayzli anori” fermer xo‘jaligiga 90 million so‘m o‘rniga 20 millionga ko‘nish haqida gapirilgan.
“Shuncha vaqtdan beri sarsonmiz. Xo‘jaliklarimizga yetkazilgan zararni baholat, deyishdi, baholatdik. Endi shu pulni ham bermasdan, biz bilan molni savdolashgandek, savdo qilishyapti. Ertalab soat 8:00 da majlis deb, hokimlik oldiga chaqirishdi. Tushlikkacha 4 yoki 5 ta odam kirdi. Ichkarida tuman prokurori va uchastka noziri ham bor.
Mas'ullar taklif qilgan pulga rozi bo‘lmaganlarga tuman prokurori qolgan zararingni sud orqali undirasan, deyapti. Ba'zilarga esa uchastka noziri “jim yurish” kerakligini uqtiryapti”, – deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan fermerlardan biri.
Holatga izoh olish uchun Sirdaryo viloyati Moliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Rahimov bilan bog‘landik. Uning aytishicha, fermerlarning zararlarini qoplash berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
“Hozirda fermerlar baholatgan zarar tuman ishchi komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqilyapti. Baholash tashkiloti chiqarib bergan summa tavsiyaviy xarakterga ega. U hujjatning o‘zida yozib qo‘yilgan, summa bo‘yicha boshqa holatlar sud tartibida hal qilinadi.
Biz nega fermerlar ko‘rgan zarar miqdori bunchalik ko‘tarilib ketyapti, deb baholash hujjatlarni o‘rgandik. Baholash tashkilotining aytishicha, fermerlar toshqinda oqib ketgan daraxtlarini kelasi 15-20 yillik umri davomidagi foydasini qo‘shib, zarar sifatida baholatishgan. Lekin, moliya tomonidan bog‘ni eski holatida tiklash hamda yerlarni meliorativ va texnik xarajatlari uchungina zarar qoplab berilishi nazarda tutilgan”, – dedi Oybek Rahimov.
Bundan tashqari, Oybek Rahimov fermerlar bilan suhbat davomida ularga bosim yoki tahdidlar bo‘lmaganini ta'kidlab, ularning hammasi rozi qilinishini aytdi.
Ammo, fermerlarning so‘zlari va ular taqdim etgan baholash hujjatlariga ishonadigan bo‘lsak, Oybek Rahimovning gaplari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, baholash xulosalarida haqiqatda ko‘rilgan zarar va bir mavsumda yo‘qotilgan xosil hisobga olingan. Ya'ni Moliya boshqarmasi mas'uli aytganidek, 15-20 yillik boy berilgan foyda qo‘shib olinmagan.
Shunga qaramay, barcha fermer xo‘jaliklari Moliya boshqarmasi tomonidan taklif qilingan summaga ham rozi ekanliklarini bildirib, tushuntirish xati yozib berishganini aytishdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 24 sentabr kuni Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan, “Sardoba” toshqinidan zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari berishga doir qonun loyihasida ham bir yarim yildan buyon pulini ololmayotgan sirdaryolik fermerlar tushib qolgan edi.
Moliya vazirligi mas'uli toshqindan zarar ko‘rgan boshqa fermerlarga ham imtiyoz qo‘llash bo‘yicha deputatlar taklif kiritishi mumkinligini aytgan.