“O‘zbekiston iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga bog‘lanib qolgan” - Jahon banki vitse-prezidenti

Iqtisodiyot 16:18 / 29.09.2021 22256

O‘zbekiston iqtisodiy forumida Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde mamlakatdagi o‘zgarishlar va isloh qilinishi zarur bo‘lgan sohalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

“O‘zbekiston iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga qattiq bog‘langan. Iqtisodiyotda xizmat ko‘rsatish sohasining rolini oshirish kerak. Mamlakatda ishsizlik darajasi 10 foizdan yuqori. Shu sabab yangi islohotlarni amalga oshirishda o‘tmishdagi tajribalardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va tizimli reja va dasturlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Hukumat 2030 yilga borib o‘rtacha rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shilishni o‘z oldiga qo‘ymoqda.

Menimcha, mamlakatdagi eng katta muammo inson kapitali bilan bog‘liq. Insonlarni rivojlantirish, ta'lim va ijtimoiy sohani isloh qilish kerak. Mamlakatda tabiiy resurslarning katta bazasi mavjud va bu iqtisodiy inqiroz paytida bardoshlilikni oshirishga ko‘mak beradi. Pandemiya sabab mamlakat tashqi qarzi keskin ortganini ham inkor qilib bo‘lmaydi.

Keyingi islohotlar davrida xususiy sektorni rivojlantirish va korporativ boshqaruv bo‘yicha ishlarni jadallashtirish kerak. Bunda birinchi o‘rinda xususiy sektordagi raqobatni oshirish kerak. Ayollarni mehnat jarayoniga jalb qilish, ular uchun ish joylari yaratishning uzoq va qisqa dasturlari bo‘lishi kerak. Mamlakatdagi hududlarning bir tekisda rivojlanishiga e'tibor qaratish ham juda muhim deb o‘ylayman.

Yashil iqtisodiyotga o‘tish butun dunyoda dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolayotgan iqlim o‘zgarishiga qarshi turishga yordam beradi. Iqlim o‘zgarishi mamlakatlardagi YaIMga keskin ta'sir o‘tkazishi mumkin. Shu sabab O‘zbekiston 2025 yilgacha qayta tiklanadigan energiya resurslarini 25 foizga oshirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda.

Bir narsaga e'tibor qaratish kerak, oxirgi paytlarda O‘zbekistonda hukumat vakillari bilan ishlashda shaffoflik oshgan. Xususan, Moliya vazirligidagi tashqi qarz va boshqa sohalarga oid ko‘plab ma'lumotlardan bemalol foydalanishimiz mumkin”, – dedi Anna Berde.

Ko‘proq yangiliklar: