Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumani Xumdon mahallasi ahli yashash tobora qiyinlashib borayotganidan arz qilishdi. Sababi — mazkur hududda joylashgan chiqindixona tutuni yillar davomida odamlarga qiyinchilik tug‘dirib kelmoqda.
Ayniqsa tushdan to sahargacha chiqindi uyumlari tutab, ko‘p qavatli uylar ichigacha kiradi. Shamol ko‘tarilsa, qo‘lansa hidlar kelishi bilan birga chor-atrofga sellofan paketlar «parvoz» qiladi. Odamlar derazalarni yopib o‘tirishga majbur. Shu tutun tufayli ko‘plar nafas yo‘li dardlarini ham orttirib olishgan.
Saodatxon Qodirova 22 yildan buyon shu hududda yashaydi. U bu borada rahbarlarga chiqaverib holdan toyganini aytadi.
«Chiqindi tutuni hisobiga odamlar astma, allergik kasalliklarga uchrab ketdi. Bolalar-u onalar ham shu kasal bilan og‘rigan. Kelinlar, homilador ayollar, nogironlar bor. Ko‘pchilik kasallikka chalingan. Kech tushdi deguncha chiqindixona tutashni boshlaydi.
Tutun hidiga chidab bo‘lmaydi. Tashqariga chiqish tugul derazani yopib ham uy ichida nafas ololmaymiz. Tashqariga chiqishning iloji yo‘q. Shu hayotda yashashga majbur bo‘lyapmiz. Yoz faslida pashsha bu hududda «qaynaydi».
Chiqindi tutayotgan paytda Ekologiya boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilamiz. «Muammolaring nima?» deb prokuraturadan odam keladi. Muammolarni o‘rtaga tashlasak, eshitib, «xo‘p-xo‘p», deb ketishadi. O‘zgarish bo‘lmaydi.
Bu yerda yashab ko‘rmagan rahbarlar uchun inson qadri qiziq emas shekilli. Rahbarlar hududimizga kelib yashab ko‘rsin. Tutun ichida yashash qanday bo‘lishini tushunishadi. Mas'ullarimizdan chiqindixonani yo‘qotib berishlarini iltimos qilib qolar edik», deydi u.
Ma'rifatxon G‘aniyeva esa tutun faqat katta yo‘ldan rahbarlar o‘tgandagina o‘chirib turilishini aytdi.
«Nogiron va kam ta'minlangan fuqarolarga uy berilayotganda 20 yil muddatga shu hududdan uy olgandik. Ko‘chib kelganimizga 3 yil bo‘ldi. Surunkali bronxit kasalligini orttiryapmiz. Nogironlarning sog‘ligi tiklanish o‘rniga aksi bo‘lyapti.
Masala yuzasidan mahallaga chiqsak, viloyatdan mutasaddilar keladi-da, holatni o‘rganib, chorasi ko‘riladi, deb ketaverishadi. Lekin chora ko‘rilmaydi.
Yuqoridan katta rahbarlar keladigan bo‘lsa tutayotgan chiqindixonaga «pojarniy» mashinalarida kelib suv purkab, tutunni o‘chirib turishadi. Biz bu holatni deraza oynasidan ko‘rib turamiz», – deydi u.
Shu hududga 10 yil avval ko‘chib kelgan Malikaxon Ochilova bir paytlar bu yerga havas qilib kelishganini gapirdi.
«Biz bu hududga 10 yil avval gaz, suv va odamlari yaxshiligi uchun havas qilib ko‘chib kelgandik. Kelsak chiqindi tutuniga chidab bo‘lmaydigan darajada. Bu yerda qancha-qanchalab insonlar zarar ko‘ryapti. Tutunga chidab bo‘lmaydi. Nihoyatda kuchli hid bilan keladi tutun. Ayniqsa yoz faslida kechalari deraza oynalarini ochib yota olmaymiz», — deydi mahalla faollaridan biri bo‘lgan Ochilova.
«Xumdon» MFY xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha rais o‘rinbosari Karimaxon Urdushovaning ma'lumot berishicha, hududda nogironi bor oilalar uchun imtiyozli uylar qurilgan. Mahalla idorasiga bu borada murojaat ko‘p bo‘ladi. Chiqindixona tutunidan aziyat chekib, tegishli idoralarga murojaat qilganlariga qaramay natija bo‘lmagan.
Chiqindixona ish yurituvchisi Doniyor Abdullayev holat yuzasidan quyidagilarni gapirib berdi:
«Chiqindi poligoni 1971 yilda tashkil topgan. Chiqindixonaga Farg‘ona va Marg‘ilon shahri, Farg‘ona tumani, Qo‘shtepa tumani hududidan yig‘ishtirib olingan chiqindilar olib kelib tashlanadi.
Chiqindixona to‘rt oy avval davlat-xususiy sherikchilik bitimi asosida «Vodiy maxsus sanitar trans» MChJga berildi. Biz hududga yangi kirib kelganimizda hatto kirish eshigi yonida ham chiqindilar sochilib yotgandi. 4 oy davomida tozalash ishlarini olib bordik.
MChJ 10 milliard so‘mga yaqin investitsiya olib kirdi. Chiqindixonaga respublikada yagona bo‘lgan saralash liniyasini o‘rnatdik. Bu liniyada 20 nafar ishchi faoliyat yuritadi. Korxonamiz 12ta maishiy chiqindi mashinalari sotib olgan.
Bir muddat avval maishiy chiqindilar bilan ishlash korxonalarining mutaxassislari kelishdi. Tajriba almashdik. Mutaxassislar bizga chiqindixonada ishlash tartibi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib ketishdi. Yaqin kunlar ichida hududda chiqindi tutuni atrofga chiqmaydigan holatda o‘zgarish qilamiz.
Chiqindixonani aholidan uzoq joyga ko‘chirish masalasi 2000-yillarda ko‘tarilgan. Gidrogeologiya qo‘mitasi, Geologiya qo‘mitasi, Ekologiya qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorlikda hududni o‘rganishganda chiqindixonani boshqa joyga ko‘chirish muammo bo‘lishi mumkinligi haqida xulosaga kelingan. Shu sababli chiqindixona o‘z o‘rnida qolgan.
Chiqindixona tasarrufimizga o‘tganidan buyon salbiy holatlar kuzatilmadi. Biz doim viloyat Ekologiya boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab kelyapmiz. Shu sababli chiqindixonadagi holat yuzasidan bu tashkilotlardan ogohlantirish olmadik.
Avvallari qish faslida tutun burqsishidan yo‘ldan o‘tib bo‘lmagan. Hozirda tutun deyarli kuzatilmaydi», — deydi Doniyor Abdullayev.
Chiqindixona ish yurituvchisi bilan suhbat orasida hududni ko‘zdan kechirdik. Chuqurlikda chiqindi uyumlari yonib, tutab yotar, xodimlardan biri buldozer yodamida uyumlarni chuqurlikka surish bilan ovora edi.
Farg‘ona shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i bu holatga nima deydi?
Inspeksiya boshlig‘i Shahboz Alioxunovning ta'kidlashicha, chiqindixona tashkil topgan paytda Obodonlashtirish boshqarmasiga qaragan, keyinchalik «Tozahudud» davlat unitar korxonasiga o‘tgan.
Hudud tadbirkorga o‘tganidan keyin chiqindi yonishining oldini olish, vaqtida ko‘mish ishlarini olib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib kelinadi. Chiqindixona ustidan umumiy nazorat bevosita Farg‘ona shahar inspeksiyasida. Atmosfera yo‘nalishi bo‘yicha 6 nafar xodim faoliyat yuritar ekan.
«Xumdon» MFY aholisi tomonidan murojaat bo‘lishi bilan ko‘riladi. Chiqindixona tashkil topgan paytda mazkur hududda aholi yashamagan. Rahbarning ta'kidlashicha, chiqindixona SanPin talabi bo‘yicha aholidan 500 metr uzoqlikda joylashgan. Chiqindi uyumlarining yonishi oldini olish bo‘yicha o‘sha joyda o‘quv mashqlari o‘tkazib kelinar ekan. Bir necha marta chiqindixona rahbariyatiga ma'muriy jarimalar qo‘llangan.
Tadbirkor chiqindini qayta ishlash bo‘yicha Belarusdan texnika olib kelgan. Shu bo‘yicha chiqindixonada ishlar tashkil qilinyapti. Keyinchalik mablag‘ asosida chiqindini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi mutasaddilari chiqindixonani boshqa joyga ko‘chirish soha xodimlarining vakolatiga kirmasligi, holat respublika miqyosida ko‘rib chiqiladigan masala ekanini ta'kidlashdi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Ahliddin Alijonov chiqindixonada sodir bo‘layotgan yong‘inlar haqida ma'lumot berdi.
«Mazkur chiqindixona poligonida atrof-muhitni muhofaza qilish, atrofga zarar yetkazmaslik bo‘yicha bir qator profilaktik tadbirlar olib boriladi. Chiqindilar tartibsiz saqlangani oqibatida yong‘inlar ham sodir bo‘lib turadi.
May oyida hududda o‘rganish ishlari olib borganimizda chiqindixonani tartibga keltirish bo‘yicha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga xat chiqarilgan. Joriy yil 8 oyi mobaynida, 29 may va 6 iyun kunlari poligonda ikki marta yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in o‘chirilib tadbirkordan davlat hisobiga jarima undirilgan», deydi u.
Chiqindixonaning atrofga zarar yetkazayotgani va bu muammoni bartaraf qilish uchun qanday choralar ko‘rilishi lozimligi yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Muhammadali Mahmudovning fikrlari bilan qiziqdik.
«Xumdon» MFY dagi chiqindixona Farg‘ona viloyatidagi eng katta chiqindixonalardan biri. Chiqindilar yaqin hududda yashaydigan aholi uchun haddan tashqari zararli tutunlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lyapti. Chiqindixona viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qilish boshqarmasi, viloyat sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan ham e'tiborsiz qoldirilib kelinayotgan obekt hisoblanadi. Bir necha yildan buyon chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha zavod quramiz, degan va'dalar beriladi. Investorlar keladi, dastlabki loyiha ishlarini amalga oshirishadi. Lekin natija yo‘q.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi raisi, O‘zbekiston respublikasi prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturida ham bu masala ko‘zda tutilgan.
Chiqindixonadan zararli tutun chiqmasligi uchun tadbirkor ish faoliyatini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Agar bu tadbirkorning qo‘lidan kelmasa, chiqindixonani aholi yashaydigan joydan uzoqroqqa ko‘chirish zarur.
Tadbirkorning chiqindilarni yo‘q qilish uchun qilayotgan harakatlariga uysizlar, lo‘lilar xalaqit bermoqda. Yelim xalta va «baklashka»larni o‘zlari yig‘ishtirib olyapti. Qolgan chiqindilarga esa o‘t qo‘yib yuborilyapti. Buning oldini olish kerak», – deydi partiyaning Farg‘ona viloyati kengashi raisi.
18 sentabr - Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan joylarda o‘tkazilgan tozalik aksiyasi doirasida bir qator obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bu tahsinga sazovor albatta. Eng ajablanarlisi, aynan aksiya o‘tkazilgan kuni ham chiqindixonadan kunduzi tutun burqsib turgan.
Holatni o‘rganish davomida har bir tashkilot va idora vakillari o‘z vakolatidan kelib chiqqan holda noo‘rin joylashib qolgan chiqindixona haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Tadbirkorning davlat-xususiy sherikchilik bitimi asosida chiqindilarni saralab, ma'lum ma'noda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgani alohida mavzu. Lekin chiqindixona atrofida yashab «yashay olmayotgan» fuqarolar uchun kim qayg‘uradi? Qo‘lansa tutundan nafas olishga majbur bo‘layotgan aholi bugun kimga murojaat qilishini bilmay boshi qotgan. Ular bu borada mutasaddilarga murojaat qilaverib holdan toygan.
Suhbat jarayonida mahallada yashovchilardan biri «Rahbarlar bir kun uyimizda kelib yashab ko‘rishsin, biz qanchalik azob chekayotganimizni anglab yetishadi», degan edi. Chamasi, chiqindixona yaqinida yashab ko‘rmagan rahbarlar uchun inson qadri qiziq emas...
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.