Toshkentda 5 talabaning zaharlanib vafot etishida ayblangan ijarachiga sud hukmi o‘qildi

Jamiyat 20:26 / 23.09.2021 95535

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida poytaxtdagi ijara uyda besh talaba vafot etishi bo‘yicha ish ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘qilgan.

Toshkentning Yunusobod tumani «Firdavsiy» mahallasi Injobod ko‘chasidagi xonadonda 27 fevral kuni soat taxminan 20:50 atrofida shu yerda ijara asosida yashagan besh talabaning murdasi topilgandi. Ilk rasmiy ma'lumotlarda yigitlar «noma'lum moddadan o‘tkir zaharlanish» oqibatida vafot etgani ta'kidlangan, biroq gap aynan qaysi modda haqida borayotganiga aniqlik kiritilmagandi.

Is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan besh talabaning barchasi Andijon viloyatidan edi:

Foto: Xabar.uz
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ikkinchi kurs talabasi Mavlonbek U. (2000 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ikkinchi kurs talabasi Rahmatullo S. (1998 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ikkinchi kurs talabasi Davronbek G‘. (2000 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashagan);
  • Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ikkinchi kurs talabasi Oyatullo I. (2000 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • Toshkentdagi Inha universiteti birinchi kurs talabasi Sardorbek H. (2000 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashagan).

Holat yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» bandi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) alomatlari bilan ish ochilgandi, biroq keyinroq jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 102-modda 2-qismiga (ehtiyotsizlik orqasidan ikki va undan ortiq odam o‘ldirish) qayta malakalangan.

Ushbu ish bo‘yicha Toshkent shahrida tug‘ilgan ayol (1964 yil tug‘ilgan) sudlangan. Sud qarorida aytilishicha, ushbu ayol olti nafar talaba bilan qonuniy ijara shartnomasi tuzmay, ularni odam hayoti uchun xavfli va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan o‘zining yashash uyining qo‘shimcha qismini (to‘rt xonali uyning uch xonasi) talabalarning ijarada yashashi uchun ajratgan.

Respublika Sud tibbiyot ekspertizasi Toshkent shahar Morfologiya bo‘limining xulosasiga ko‘ra, ijarachilarning o‘limiga is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasida o‘tkir nafas va yurak, qon-tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aniqlangan. Ularning qonida toksik konsentratsiyasi turli foizlarda bo‘lgan korboksi-gemoglabin moddasi topilgan.

Bundan tashqari, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2021 yil 23 apreldagi kompleks ekspertiza xulosasiga ko‘ra, uyning xonalarida o‘rnatilgan gaz uskuna va jihozlari texnik va me'yoriy qoida talablariga asosan o‘rnatilmagani, amaldagi talablarga javob bermasligi, gaz uskuna va jihozlari o‘rnatish texnik talablariga javob bermasligi, gaz uskunasi va jihozlarining dudbo‘ronlari yonish mahsulotlarini chiqish yo‘nalishlari to‘g‘ri o‘rnatilmagani amaldagi talablarga javob bermasligi aniqlangan.

Ayni paytda qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi – uy egasi Jinoyat kodeksining 102-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

  • Eslatib o‘tamiz, Yunusoboddagi ushbu fojiadan so‘ng butun O‘zbekiston bo‘ylab ijarada yashayotgan talabalarning ahvolini o‘rganish boshlanib, talabalar uchun yotoqxonalar qurish masalasi kun tartibiga chiqdi. Fojia ro‘y bergan kunning ertasiga bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev yig‘ilish o‘tkazdi. Unda rektorlar, prorektorlar, dekanlar tomonidan talabalarning yashash sharoitlarini tahlil qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgani tanqid qilingandi.
  • Talabalarni yotoqxona bilan ta'minlash muammosi parlament darajasida muhokama qilindi, rektorlar ijarada yashaydigan talabalarning holidan xabar ola boshladi, fojiadan keyin bir qator universitetlar talabalar uchun mo‘ljallangan yangi turar joylarni foydalanishga topshirdi.
  • Aprel oyida prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi oliy ta'lim muassasalarining 130 mingdan ortiq talabasi ijara uylarda yashashi haqida ma'lum qilindi. Bu muammoni hal qilish uchun hukumat dasturi tayyorlandi, unga ko‘ra talabalar uchun ijara haqlarining yarmi davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Ko‘proq yangiliklar: