Jahon banki Doing Business reytingidagi «O‘zbekiston protokoli»ga izoh berdi

Iqtisodiyot 17:43 / 22.09.2021 18884

16 sentyabr kuni Jahon banki turli davlatlarda biznes yuritish sharoitlarini baholovchi Doing Business reytingini e'lon qilishni to‘xtatishini ma'lum qildi.

«Bank rahbariyati Doing Business hisobotini e'lon qilishni to‘xtatishga qaror qildi. Kelgusida ishbilarmonlik va investitsion muhitni baholashga yangicha yondashamiz», deb aytilgan bank xabarida.

Bunga bir necha yil davom etgan ichki tekshiruv sabab bo‘lgan. Aniqlanishicha, 2018 yilgi reytingda Xitoyning, 2020 yilda Saudiya Arabistonining ko‘rsatkichlari aslidagidan yuqori qilib ko‘rsatilgan, Ozarboyjonning bahosi esa sun'iy ravishda pasaytirilgan.

Xulosada aytilishicha, reytingga ushbu o‘zgarishlar Jahon bankining sobiq rahbari Jim Yon Kim, Xalqaro valuta jamg‘armasining hozirgi rahbari Kristalina Georgiyeva va reyting asoschilaridan biri Simeon Dyankovlarning bosimi ostida kiritilgan.

WilmerHale yuridik firmasi tomonidan tayyorlangan hisobotda ayrim mamlakatlar reytingini pasaytirish uchun bank rahbariyati «O‘zbekiston protokoli» deb nomlangan qoidani qo‘llagan bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.

Ushbu holat yuzasidan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi quyidagicha izoh berdi:

«Jahon banki so‘nggi yillarda O‘zbekistonning ochiq bozor iqtisodiyoti yo‘lidagi keng va ulkan maqsadli iqtisodiy transformatsiyasi doirasida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu islohotlar ichki va tashqi savdoni erkinlashtirishni, tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga olish va litsenziyalash tartibini soddalashtirishni, shuningdek, soliq tizimini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu islohotlar natijasida ishbilarmonlik muhiti va davlat moliyaviy boshqaruvida o‘zgarishlar amalga oshdi.

Xususan, 2018-2019 yillarda xorijiy kapital ishtirokidagi yangi ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlari va korxonalar sonining sezilarli o‘sishi kuzatildi.

Jahon bankining ilgari O‘zbekistondagi islohotlarga bergan bahosiga kelsak, WilmerHale hisobotida qayd etilganidek, «Biznes yuritish» hisobotlarining chiqishiga mas'ul bo‘lgan jamoa a'zolari va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqaradigan shaxslar «O‘zbekiston protokoli» deb nom olgan amaliyot ishlatilganidan bexabardirlar. Shuningdek, WilmerHale hisobotida bunday «protokol» mavjud bo‘lgani va u Jahon bankining operatsion faoliyatiga qandaydir ta'sir ko‘rsatganini tasdiqlovchi faktlar keltirilmagan».

Ma'lumotlarga ko‘ra, «O‘zbekiston protokoli» «shubhali islohotlardan tiyilishga imkon beradigan yozilmagan qoida» sifatida Jahon banki hisobotlarida ishlatilgan. Ammo Doing Business guruhi a'zolari tasdiqlangan uslubiy tamoyil sifatida «O‘zbekiston protokoli»dan bexabarligini aytishgan. Doing Business menejyerining ta'kidlashicha, oldingi reytingdagi O‘zbekiston to‘g‘risidagi ma'lumotlar rahbariyatning yagona qarori bilan emas, balki mintaqaviy direktor, mintaqa bo‘yicha vitse-prezident, ijrochi direktor va boshqalar ishtirokida kollektiv qaror qabul qilish asosida ko‘rib chiqilgan. 

Doing Business reytingida 190ta davlatda biznes ochishning soddaligi, soliqlar to‘lanishi, qurilishga ruxsat olish, elektr tarmoqlariga ulanish, xalqaro savdo, kreditlashni jalb qilish, bankrotlik jarayonini tartibga solish va boshqa mezonlar bo‘yicha biznes-muhit baholab kelingan.

Oxirgi e'lon qilingan Doing Business 2020 reytingida O‘zbekiston 69-o‘rinni egallagandi. 

Ko‘proq yangiliklar: