Bugun, 20 sentabr kuni Senat Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, respublikada 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, ya'ni 10 foizi jigar transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Bugungi kunga qadar mamlakatda jami 10 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi.
Istiqbolda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yiliga 250 taga yetkazish, jigar transplantatsiyasini esa yiliga 50 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yurak transplantatsiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o‘pka transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish va yiliga 30 ta amaliyotni bajarish nazarda tutilgan.
Senatorlar inson a'zolari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini xorijda katta mablag‘ va vaqt sarflamasdan O‘zbekistonda ham amalga oshirish mumkinligiga urg‘u berdi. Shuningdek, inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi borasida qonunchilikda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emasligi, shu bois, mazkur qonun loyihasida aniq tartiblar belgilab berilayotgani ta'kidlandi.
Bundan tashqari, mahalliy kengashlar deputatlariga qonun loyihasi mazmun-mohiyatini aholi hamda keng jamoatchilik orasida tushuntirish, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni umumlashtirgan holda taqdim etish yuzasidan tavsiyalar berildi.