Bojxonachilar tomonidan Qo‘qon bojxona postiga yo‘naltirilgan yuk Toshkentda almashtirilib Urgutga yo‘llangani fosh etildi

Jamiyat 16:38 / 17.09.2021 13147

Bojxonachilar tomonidan «Qo‘qon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo‘naltirilgan 11,9 milliard so‘mlik import tovarlari Toshkent shahri Bektemir tumanida almashtirilib, Urgutga olib ketilgani fosh etilgan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi va uning Farg‘ona, Navoiy, Namangan va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekistonga import tarzida olib kirilgan tovar-moddiy boyliklarini bojxona rasmiylashtiruviga qadar almashtirib qo‘yishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tadbirkorlik sub'yektlaridan birining nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteyneridagi kosmetika va pardoz vositalaridan iborat tovarlar belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun «Qo‘qon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo‘naltirilgan.

Mazkur konteynerdagi tovarlar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda yuklar almashtirib qo‘yilgani, kosmetika va pardoz vositalari o‘rniga salkam 1,5 tonna shisha idishlar hamda 21 tonnadan oshiq kir yuvish kukunlari ortilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, zudlik bilan ushbu ombor ko‘zdan kechirilganda u yerga tushirilgan tovarlar boshqa yuk mashinasiga ortilib, olib chiqib ketilgani ma'lum bo‘lgan.

Tezkor xodimlar tomonidan Bektemir tumanidagi ombordan tovarlarni ortib ketgan yuk mashinasi zudlik bilan topilgan. Aniqlanishicha, undagi yuklar Samarqand viloyati Urgut tumanidagi tadbirkorlardan birining omboriga tushirilgan.

Urgutdagi ombor belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 461 turdagi salkam 721 ming dona kosmetika va pardoz vositalari, shuningdek shisha idishlar hamda kir yuvish kukunlari saqlanayotgani aniqlangan. Ushbu tovarlarning umumiy qiymati esa 11 milliard 881 million 700 ming so‘mni tashkil etgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, yil boshidan buyon bojxonachilar tomonidan aniqlangan 7700 dan ortiq bojxona qonunbuzilishi holatlarida 547 milliard so‘mlik tovarlarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: