Hyundai kompaniyasining premial brendi Genesis yangi Face Connect texnologiyasi haqida e'lon qildi. U avtomobil egasini yuzidan taniydi va eshikni avtomatik ravishda ochadi.
Face Connect tizimiga qiyofani tunda va yomon ob-havo sharoitida ham taniy oladigan infraqizil kamera kiradi. Haydovchi o‘zi bilan kalit olib yurishiga hojat qolmaydi – identifikatsiyadan so‘ng avtomobil eshigi ochiladi va o‘rindiq, rul, tashqi oyna, multimedia va iqlim tizimi sozlamalarini avaldan saqlab qo‘yilgan holatga keltiradi.
Dvigatel barmoq izi yordamida o‘t oladi.
Bundan tashqari, avtomobillar Software Update funksiyasi orqali tizim yangilanishlarini qabul qiladi. Bunda nafaqat multimedia va navigator, balki dvigatel boshqaruv bloki, rul boshqaruvi, tormoz tizimi dasturiy ta'minoti ham yangilanadi. Natijada mashina egasining servis xizmatiga murojaat qilishiga hojat qolmaydi.
Face Connect tizimiga birinchi bo‘lib GV60 krossoveri ega bo‘ladi. Kelgusida brendning boshqa modellariga ham ushbu tizim joriy etiladi.