«Zora matbuotdagi chiqishdan so‘ng ishlarim yurishib ketsa, meni qiynayotgan masala rahbarlar e'tiboriga tushsa», deydi u.
Najmi akaning hikoya qilib berishicha, 2009 yilning boshida u avvalroq xarid qilgan so‘ngra uning egaligida bo‘lgan, Samarqand shahri akademik Vohid Abdullayev ko‘chasi yoqasida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi Afrosiyob tepaligi yaqinida — madaniy meros hududida joylashgani sababli (davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun) buziladi.
Voqea tarixi naqadar ko‘hnaligini his qilib ko‘rishingiz uchun taqqos: bu voqea ro‘y berganda hali Lionel Messi birorta «Oltin to‘p» olmagan edi.
Qurilish osti maydoni 37,17 kvadrat metr, umumiy yer maydoni 1389,4 kvadrat metr bo‘lgan AYoQSh o‘rniga o‘sha vaqtda na pul, na yer va'da qilinadi. Samarqand shahar hokimi bo‘lib ishlagan Zoyir Mirzayev buyrug‘i bilan buzib tashlangan AYoQSh o‘rnida ko‘kalamzorlashtirilgan maydon hosil qilinadi.
Najmi Amriyev ko‘rilgan zarar, yo‘qotilgan foydalarini undira olmasligiga ko‘zi yetib bo‘lgan, «davlatdan pul olib bo‘lmaydi», degan xulosaga keladi.
Najmi Amriyev bu borada 2009 yildayoq shahar hokimligi bilan sudlashadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2009 yil 23 iyun kungi hal qiluv qaroriga asosan, Samarqand shahar hokimligi zimmasiga shahar hududidan 1389,4 kv.m yer ajratib berish majburiyati yuklanadi, da'vogarning moddiy zararni undirish to‘g‘risidagi talablari qanoatlantirilmaydi.
Sud kompensatsiyani qoplash to‘g‘risida qaror chiqaradi. Ijro hujjati 12 yil davomida ijro etilmasdan keladi. «Orada 4 marta hokim almashdi», deydi N.Amriyev.
Najmi Amriyevga ko‘ra bugungi kunga kelib bozor narxi 200 ming AQSh dollariga yetishi mumkin bo‘lgan AYoQSh uchun shahar hokimligi 12 yil davomida sudning hal qiluv qarorini pisand qilmasdan, kompensatsiya to‘lamay kelgan. Turli murojaatlar, muzokaralardan so‘ng o‘tgan yili N.Amriyevga Samarqand shahar Shohi Zinda mahallasi hududidan lozim bo‘lganidan 10 barobar kam - 134 kv.m yer ajratib beriladi.
N.Amriyevning ijro muddatini tiklab, ijro ishidan dublikat berish to‘g‘risidagi arizasi 2021 yil 15 iyun kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rilib, ajrim chiqariladi va shu ajrimga asosan MIB Samarqand shahar bo‘limi 2021 yil 22 iyunda ijro ishini qaytadan qo‘zg‘atadi.
Hozircha, Najmi Amriyev erisha olgan narsalar — 134 kv.m yer va ijro varaqasi. U shu paytgacha Prezident Xalq qabulxonasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ombudsman, Samarqand viloyati hokimiga 20 martadan ortiq murojaat qilgan va tayinli javob ololmagan.
Xo‘sh, Majburiy ijro byurosi bunday holatlarda — qarzdor shahar hokimligi bo‘lganda undirish uchun qanday yo‘l tutadi? Samarqand shahar hokimligi bu masalani qanday hal qiladi? Fuqarolarni rozi qilish prezident tomonidan bosh tamoyil etib belgilangan bugungi kunlarda Samarqand shahar hokimligi pensioner otaxonni rozi qila olarmikan?
Har ikki davlat organi bu savollarga javobni o‘zlarining rasmiy munosabatlarida bayon etsalar ajab emas.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri