Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida «Matiz» haydovchisi uxlab qolib «Nexia»ga urilgan. Oqibatda «Nexia» yo‘lovchisi voqea joyida vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 2 sentabr kuni soat 4:30larda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-100 Manguzar-Denov avtomobil yo‘lining Oltinsoy tumani hududidan o‘tgan 153-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Oltinsoy tumani markazidan harakatlanib kelayotgan «Matiz» mashinasi Bandixon tumanidan kelayotgan «Nexia»ga yo‘l bermasdan, u bilan o‘zaro to‘qnashgan. Natijada «Nexia» mashinasi ag‘darilib ketgan.
Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida «Nexia» yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. «Matiz» haydovchisi esa og‘ir tan jarohatlari olib Denov tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasining sodir bo‘lishiga «Matiz» haydovchisining boshqaruv paytida uxlab qolgani sabab bo‘lgan.