Yaponiyani dunyoga tanitgan brend – Toyota tarixi

Business class 17:06 / 28.08.2021 415214

Yaponiyada Toyota kompaniyasi tarixi haqida gap ochilsa, uning asoschisi Kichiro Toyoda ismidan oldin uning otasi Sakichi Toyoda ismi alohida tilga olinadi.

Chunki bu inson nafaqat Toyota kompaniyasi asoschisining, balki Yaponiyada ishlab chiqarish sohasining ham otasi deb tan olingan. Buning boisi u ixtiro qilgan to‘quv dastgohi Yaponiyada ishlab chiqarish sohasi rivojlanishiga katta turtki bo‘lgan edi.

Sakichi Toyoda

Sakichi Toyoda 1867 yilda duradgorlar oilasida tug‘ilgan. U 1890 yilda o‘zining ilk to‘quv dastgohini ixtiro qiladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, aynan shu dastgohni avtomatlashtirishga muvaffaq bo‘ladi va 1890 yilning o‘zida ushbu turdagi dastgohlarni ishlab chiqarish uchun patentni qo‘lga kiritib, “Toyoda” nomli to‘quv dastgohi ishlab chiqaruvchi kompaniyaga asos soladi.

O‘sha paytlarda to‘qimachilik sohasida faoliyat olib boruvchi kompaniyalar bu ixtironi kutilgandan ancha yaxshiroq qarshi olishadi. Shu bois ham “Toyoda” juda tez fursatda tanila boshlaydi.

Sakichi Toyodaning o‘g‘li Kichiro Toyoda yoshligidan mashinasozlikka juda qiziqardi. U o‘z orzularini ro‘yobga chiqarish maqsadida Yevropa va AQShga mashinasozlikni o‘rganish uchun boradi. Yaponiyaga qaytgach esa otasiga mashina ishlab chiqaruvchi korxona ochmoqchi ekanini aytadi.

Bu orada otasining biznesida ham muammolar yuzaga kelayotgan edi. Aniqrog‘i, korxonada joy yetishmasligi va ayrim texnik nosozliklar sabab, ular ishlab chiqarayotgan to‘quv dastgohlarida nuqsonlar paydo bo‘la boshlagan edi.

Sakichi bu bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini tushunib yetadi. U korxonani muqarrar inqirozdan saqlab qolish hamda farzandining avtomobil ishlab chiqarish orzusini amalga oshirish maqsadida bir qarorga keladi: 1929 yilda avtomatlashgan dastgohlar ishlab chiqarish patentini Britaniyaning Platt Brothers kompaniyasiga sotib yuboradi.

Bu pullarga uning o‘g‘li Kichiro Toyoda to‘quv dastgohlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonaning bir bo‘limini avtomobil ishlab chiqarishga ixtisoslashtiradi.

1930 yildan boshlab kompaniya benzinda harakatlanadigan avtomobillarni ishlab chiqarishni boshlaydi. 1934 yilda Toyoda o‘zining birinchi A dvigatelini ishlab chiqaradi. Bu dvigatellar 1935 yil may oyida ishlab chiqarilgan A1 rusumli yengil avtomobil va o‘sha yilning avgust oyida ishlab chiqarilgan G1 rusumli yuk mashinalarida ishlatilgan.

1939 yilda Ikkinchi jahon urushi boshlanib, unda mag‘lublar qatorida bo‘lgan Yaponiya og‘ir ahvolga tushib qoladi. O‘sha paytlarda kompaniya xodimlari qo‘shinni yuk mashinalari bilan ta'minlash uchun tun-u kun tinimsiz ishlar edi. Mahsulot zaxirasi tanqisligi bois yuk mashinalari eng arzon variantda ishlab chiqarila boshlagan. Masalan, bitta farali, eshiklari yog‘ochdan bo‘lgan yuk mashinasi juda ham sifatsiz edi, ammo vaziyat shuni taqozo qilardi.

Urush yillarida kompaniya eng og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan edi. Ma'lumotlarga qaraganda, Kichiro “Toyoda”ni sotib yubormoqchi ham bo‘lgan. Ammo otasi uning avtomobil ishlab chiqarish orzusini amalga oshirish uchun to‘quv mashinalari patentini sotib yuborganini eslab, bu fikridan qaytgan.

Jahon bozoriga kirib borish

Urush nihoyasiga yetgach, dastlabki yillarda “Toyoda” kompaniyasi oyoqqa turish uchun harakat qiladi. Urushdan keyingi Yaponiyada boshlangan iqtisodiy inqirozdan so‘ng mahalliy aholi “Toyoda” mashinalarini xarid qilishi amri mahol edi.

Bularni inobatga olgan Kichiro Toyoda o‘z mashinalarini urushda katta daromad ko‘rgan davlatga, ya'ni Amerika bozoriga olib kirishni rejalashtiradi. Ammo qanday?

Kichiro ayyorona usuldan foydalanadi. U Amerikada eng ommalashgan mashinalarni sinchikovlik bilan kuzatadi va ulardagi qulaylikni o‘z mashinalarida joriy etishni boshlaydi. Bu orada kompaniyada kichik o‘zgarish bo‘ladi, aniqrog‘i kompaniya nomidagi “D” harfi “T” harfiga o‘zgartiriladi.

Bunga “Toyoda” nomining jarangdorligi, yaponchada yozilishi ham “Toyota”chalik ko‘rimli emasligi sabab bo‘lgan. “Toyota” nomini Yaponiyadagi Katakana alifbosida 8 ta chiziq bilan yozish mumkin edi, 8 raqami esa yaponlarda baxt va omadni bildiradi. Kichironing o‘zi rebrendingni shunday izohlagan.

1956  yilda ishlab chiqarilgan Toyota Crown – Amerikaga eksport qilingan eng birinchi yapon mashinasi bo‘ldi. Amerikadan keyin Braziliya, sekin-asta Yevropa davlatlari ham Toyota mashinalarini xarid qila boshladi.

Buning ortidan Toyota kompaniyasi xalqaro mashhurlikka erishib, Yaponiya iqtisodiyotiga katta foyda keltira boshladi. 1959 yilda kompaniya joylashgan Koroma shahri mamlakatning eng muvaffaqiyatli biznesi sharafiga Toyota deb o‘zgartirildi.

Kompaniya yillar mobaynida rivojlanib, dunyoning turli davlatlarida o‘z filiallarini, mashinalar savdosiga mas'ul bo‘limlari va bir qancha kichik kompaniyalarini ochib, korporatsiya darajasiga yetdi. 1989 yilda Toyota Motor Corporation hozirgi kunda barchamiz bilgan yangi logotipini e'lon qildi.

Ko‘pchilik bu logotipda Toyota nomining barcha harflari aks etgan deb hisoblaydi. Ammo aslida unday emas. Unda korporatsiyaning kelib chiqish tarixiga asoslanib, to‘qimachilik ramzi bo‘lgan igna va ip timsollari tasvirlangan.

Faoliyat turlarining kengayishi

Toyota Motor Corporation hozirgi kunda nafaqat avtomobil, balki harbiy qurollar, skafandrlar, hatto tibbiy texnikalar ham ishlab chiqaradi; ilmiy tadqiqotlar, Formula-1 va boshqa poyga musobaqalarida ham ishtirok etib keladi.

Korporatsiyaning avtomobil ishlab chiqaruvchi boshqa kompaniyalari ham bor bo‘lib, ulardan dunyoga mashhurlari – Lexus, Scion, Daihatsu va Hino'lardir.

Toyota 2007 va 2009 yillarda dunyodagi mashina ishlab chiqaruvchi eng katta korporatsiya maqomida bo‘ldi, 2012 yilda Volkswagen va General Motors'dan o‘zib ketib, yana bir bor bu unvonga sazovor bo‘ldi.

Kompaniya 2013 va 2015 yillarda eng qimmat avtomobil ishlab chiqaruvchi brend deya tan olingan.

2017 yilda Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada Toyota o‘zining sun'iy intellektga ega avtomobil konseptini taqdim qildi.

Mazkur aqlli mashina haydovchisiz harakatlanish, atrofdagi avtomobil va haydovchilar bilan ham muloqot qila olish xususiyatiga ega.

Qolaversa, avtomobil salonida ovoz bilan boshqarish funksiyalari va xavfsizlik nazorati, haydovchini tanib olish, yuzi va ovoz tembriga qarab kayfiyatni aniqlash texnologiyasi ham kiritilgan.

Yapon brendi aqlli mashinalardan tashqari, aqlli robotlarni ham ishlab chiqmoqda. Hozirda Toyota – sun'iy intellektga eng katta sarmoya kiritayotgan korporatsiyalardan biri. Kompaniyada avtomobillarni yig‘ish jarayoni 98 foizga robotlashtirilgan.

Ma'lumot uchun, Toyota 1997 yilda Toshkentda ham o‘z vakolatxonasini ochib, avtomobillarini sota boshlagan.

Bekmirza Rashidov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: