Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari hududlarning ishbilarmonlik faoliyatini tahlil qilib chiqishdi.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 1 yanvaridan 31 iyuligacha bo‘lgan davrda respublika soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,9 foizga oshgan.
Tahlil qilingan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar ham 49,4 foizga ko‘paygan. Daromadning eng katta o‘sishi Jizzax (5,5 barobar), Sirdaryo (2,8 barobar), Xorazm (2,1 barobar), Farg‘ona (89,6 foiz), Samarqand (85 foiz) viloyatlarida, Toshkent shahri (38,2 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (37,9 foiz) kuzatilgan.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon tovarlar eksportining hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39,3 foizga oshgan. Tovarlar eksporti hajmining o‘sishi ko‘proq Andijon (72,8 foiz), Sirdaryo (70,9 foiz), Buxoro (70,8 foiz), Jizzax (67,8 foiz), Toshkent (61,2 foiz) viloyatlari, Toshkent shahri (43 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (30,4 foiz) to‘g‘ri keladi.
Bu davrda 59 ming 247ta yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Qashqadaryo (6 848), Samarqand (6 116), Farg‘ona (5 235), Toshkent (5 018) viloyatlari va Toshkent (10 221) shahrida ro‘yxatga olingan.