“Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov, agar saylovda g‘alaba qozonsa, turli sohalardagi imtiyozlarni faqat qonun asosidagina berish tizimini o‘rnatishga va'da berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
“Imtiyozlar va preferensiyalarni faqat qonun bilan berish kerak. Boshqa birorta idora, boshqa birorta institut, hatto prezidentlik instituti ham imtiyoz yoki preferensiya berish vakolatiga ega bo‘lmasligi kerak. Faqatgina qonun, qonun, qonun”, – dedi Qodirov 26 avgust kuni partiya sezdida saylovoldi dasturini e'lon qilarkan.
“Har qanday imtiyoz, unutmasligimiz kerak, chiroyli ko‘ringani bilan, lekin buzg‘unchi omil. Imtiyozga ega bo‘lgan odamning qarshisida imtiyozga ega bo‘lmagan norozi qatlam shakllanib boraveradi.
Afsuski, bugungi kunda bizda imtiyoz berish modaga aylanib ketdi. Bugun qaysi sohaga qarasangiz ham, imtiyoz va preferensiyalar bor. Bunday bo‘lmasligi kerak. Bu – sog‘lom raqobatni o‘ldiradi”, – ta'kidladi “Milliy tiklanish” yetakchisi.
Ma'lumot uchun, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga binoan, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklar asossiz ravishda berilishi mumkin emas.