Bosh prokuratura matbuot kotibi taqdim etgan munosabatda ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda joniga qasd qilgani aytilayotgan mahkum J.Dehqonov 4-mintaqaviy hudud 35-son manzil koloniyasiga 2021 yilda 9-son TX orqali etap bo‘lib kelgan. Unga muassasada o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalar yozma ravishda tanishtirilgan.
35-son manzil-koloniyasiga keltirilganda koloniyaning shifokorlik punktida birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, mahkumda «O‘tkazilgan bosh miya jarohatidan keyingi holat» (anamnez) mavjudligi aniqlanib, dispanser nazoratiga olingan. 35-sonli manzil-koloniya psixologlarining birlamchi suhbat xulosasida, mahkum J.Dehqonov yuklamaga bebardoshligi, negativ xulqqa ega ekani, boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarda o‘zini boshqara olmasligi, axloq qoidalariga zid keladigan xatti-harakatlar sodir etishga moyilligi, tartib-qoidalarga rioya etmasligi, qiyinchiliklarga bardosh bera olmasligi, hissiyotini jilovlay olmasdan salbiy xatti-harakatlar sodir etishi mumkinligi qayd etib o‘tilgan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda berilgan xabarlarda, mahkum J.Dehqonov tomirlarini kesish yo‘li bilan o‘z joniga qasd qilgani ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu holat yuzasidan aniqlashtirish ishlari o‘tkazilganida, mazkur xabar haqiqatga mos kelmasligi aniqlangan», deyiladi, munosabatda.
Qayd etilishicha, J.Dehqonov muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi, 109-moddasi 2-qismi, 112-moddasi 1-qismi bilan sudlangan, hozirda 166-moddasi 2-qismi bilan sudlanib, 3 yil-u 6 oy jazo muddatini o‘tayapti. 2021 yil 20 avgust kuni 35-sonli manzil koloniyasida joylashgan oziq-ovqat do‘konida mahsulot xarid qilish vaqtida shu do‘konga kirib kelgan koloniya xodimlari safdorlar A.N.Tulaganov va X.U.Yo‘ldoshevlarni ko‘rib, ularga: «Mening ortimdan kuzatib yuribsanlarmi?» deb e'tiroz bildirgan.
Shu payt ular o‘zaro gap talashib ketgani sababli mahkum J.Dehqonov ushbu kelishmovchilik ortidan o‘ziga nisbatan jazo chorasi qo‘llanishi mumkinligidan qo‘rqib, do‘kon oldiga chiqib, cho‘ntagida bo‘lgan soqol olish uchun mo‘ljallangan olmos bo‘lagi (lezviye) bilan qornini va qo‘llarini 3-4 marotaba tilib, ekspertiza xulosasiga ko‘ra o‘ziga «yengil shikast» ko‘rinishida tan jarohati yetkazgan.
Mahkum J.Dehqonov bilan o‘tkazilgan suhbat davomida yuqoridagilarni tasdiqlab, boshqa bunday holatga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan. Shuningdek, mahkum J.Dehqonov o‘zi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarning yolg‘on ekanini, ushbu xabar kim tomonidan tarqatilgani haqida ma'lumotga ega emasligini bayon qilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibining yozishicha, hodisa yuzasidan Qarshi maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shohrux G‘iyosovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mahkumlar o‘ziga shikast yetkazish yoki shu bilan qo‘rqitish orqali jazoni ijro etish ma'muriyatiga bosim o‘tkazish yoki biror yengillikka erishish yoxud intizomiy jazodan qutulib qolishga intilish holatlari ashaddiy jinoyatchilar orasida keng tarqalgan bo‘lib, bunday tomoshani ular o‘zaro «otritsalovka» deb nomlashadi. Ilgari jinoyatchilar olamidagi bu qiliqlar bilan faqat mutaxassislar tanish edi. Oxirgi vaqtlarda esa jinoyatchilar sud zalida ham o‘zlariga jarohat yetkazishga urinib, bu ish ommaga ham oshkor bo‘lgan.
G‘iyosovning ta'kidlashicha, holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuratura organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan va jazoni ijro etish muassasasi xodimlari harakatlarida qonun buzilishi holatlari aniqlanmagan.
«O‘z o‘rnida mahkum J.Dehqonovning harakatlariga qonuniy baho berilib, unga nisbatan o‘rnatilgan tartibda jazo choralari ko‘riladi», deydi Sh.G‘iyosov.