5 ming va 10 ming so‘mlik pullar yangilanishining sababi aytildi

Iqtisodiyot 18:58 / 23.08.2021 110910

Markaziy bank xodimi Zafar Asadovga ko‘ra, yangi ko‘rinishdagi banknotlarni chiqarishga “Davlat belgisi” DUKda modernizatsiya ishlari amalga oshirilgach pullarda zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash sabab bo‘lgan. Shuningdek, barcha banknotlarda Buyuk ipak yo‘li va mamlakat tarixi mavzusini mujassamlashtirish maqsad qilingan.

“Markaziy bank tomonidan 2021 yil 26 avgustdan yangi ko‘rinishdagi 5 000 va 10 000 so‘mlik banknotlar muomalaga chiqariladi. Jahon amaliyotida banknotlarni bosish texnologiyalari doimo yangilanib bormoqda. O‘zbekistonning banknot va tangalari boshqa davlatlardan farqli ravishda o‘zimizda, ya'ni Markaziy bank tasarrufidagi “Davlat belgisi” DUK tomonidan tayyorlanadi.

Bugungi kunda “Davlat belgisi” DUKda modernizatsiya ishlari amalga oshirilgani uchun banknotalarimizda zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash va har xil formatlarda raqamlash hamda laklash imkoniyati yaratildi. Jahon amaliyotida har bir mamlakatda banknotlarning tasvirlari yagona mavzu atrofida mujassamlashgan bo‘lib, xuddi shu kabi bizning banknotlarimiz dizaynini ham yagona mavzu atrofida birlashtirish maqsad qilingan. Bu mavzu Buyuk ipak yo‘li va mamlakatimizning qadimiy tarixiga qaratilgan. Jumladan, joriy yilning iyun oyidan muomalaga chiqarilgan 2 000 va 20 000 so‘mlik banknotlar va chiqishi rejalashtirilayotgan 5 000 va 10 000 so‘mlik banknotlar mavzusi Buyuk ipak yo‘li mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan”, – deydi MB mas'uli.

Yangi banknotlar hajmi oldingi ko‘rinishdagi banknotlarga nisbatan ixchamlashtirilgan. Bundan tashqari, yangi banknotlarda ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun banknotlarning nominal qiymatini aniqlash imkonini beruvchi maxsus elementlar kiritilgan.

Shuningdek, Zafar Asadovning ta'kidlashicha eski banknotlar tabiiy ravishda muomaladan chiqariladi. 

“2013 yilda muomalaga chiqarilgan banknotlar yangi ko‘rinishdagi bankotlar bilan bir qatorda parallel ravishda muomalada bo‘ladi. Eski banknotlar to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi, tabiiy yo‘l bilan muomaladan qaytarib olinadi. Kelgusida faqat yangi banknotlar muomalaga chiqariladi. Eski pullar muomalada yurishi va aholi tomonidan hisob-kitobda foydalanilishi sababli yangi pullar muomalaga chiqarilishi hech qanday qo‘shimcha xarajatni talab etmaydi”, – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi ko‘rinishdagi 5000 so‘m va 10 000 so‘mlik banknotlar dizayni e'lon qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: