Emlanganlik haqidagi sertifikatni qalbakilashtirish: kim kimni aldayapti?

Jamiyat 16:52 / 22.08.2021 29220

Kun.uz mavzu yuzasidan bir necha soha vakillariga murojaat qildi.

“Soxta sertifikat – o‘z-o‘zini aldash”

Nurmat Otabekov, Respublika koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi:

— Soxta PZR ma'lumotnomalari singari, qalbakilashtirilgan emlanganlik sertifikatlari ham paydo bo‘lishi aniq. Emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatni soxtalashtirib berayotgan odamlar, menimcha, o‘z ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, yaqinlari, qolaversa o‘zining dushmani. Soxta sertifikat bilan kasallangan odam vaksina sha'niga yomon gaplarni paydo qilib, emlanish samaradorligiga salbiy munosabatni shakllantirib, vaksinalar sifatsiz degan mish-mish tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Mayli, biz bir odamni aldarmiz, jamoamizni aldarmiz, lekin ertaga biz kasallikka chalinsak, uni uyimizga olib kirsak, ota-onamizni dardga mubtalo qilsak, norasida bolalarni shikastlasak, biz o‘zimizga o‘zimiz dushmanlik qilgan bo‘lamiz. Odamlarning musibatidan manfaat ko‘rar ekanmiz, bu manfaat bizga hech qachon yuqmaydi.

Islom yolg‘ondan va yolg‘on guvohlik berishdan qaytaradi

Hikmatulloh Toshtemirov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi bosh mutaxassisi:

— Emlanganlik haqidagi hujjatni qalbakilashtirish holatlari ko‘zga tashlanyapti. Bunga dinimiz nima deydi? Dinimizda umumiy qoida insonlar rostgo‘y bo‘lishga chaqiriladi, yomondan, yolg‘ondan qaytariladi. Rasululloh (s.a.v.) bizga rostgo‘ylik borasida namuna bo‘lganlar. U kishi hatto Islomdan avval ham rostgo‘y, ishonchli degan e'tirofga sazovor bo‘lganlar – Muhammad al-Amin deyishardi.

Biz ummatning ham asosiy fazilatlaridan biri rostgo‘ylik, halollik bo‘lmog‘i darkor. Rotsgo‘ylikning aksi – yolg‘on. Hozir gaplashib turganimiz – vaksina olganlik haqidagi sertifikatni soxtalashtirish faqat insonning o‘zida qoladigan yolg‘on va aldov emas, u boshqalarga ham daxl qiladi.

So‘zimiz turli yo‘llar bilan sertifikatni qo‘lga kiritishga urinayotganlarga ham, shu hujjatni soxtalashtirib berayotganlarga ham taalluqli.

Yangi tartibga ko‘ra, ayrim muassasalarga ishchi-xodimlari emlanganlik sharti bilan faoliyat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Odamlar ularning emlanganiga ishonib kiradi, ularning sertifikati esa – soxta. Bu insonlar ishonchini suiiste'mol qilishdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Bizni aldagan bizdan emasdir”, deganlar.

Boshqa bir hadisda: “Sizlarga eng katta gunohlarning xabarini beraymi?”, dedilar. Sahobalar “Ha”, deyishdi. Shunda aytdilar: “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish...” Shunday deganlaridan keyin yonboshlab turgan joylaridan o‘tirib olib, “Yolg‘on guvohlik berish, yolg‘on guvohlik berish...” deb qaytaraverdilar, qaytaraverdilar. Sahobalar “Qaniydi, u kishi to‘xtasalar”, deb qolishdi.

Keling, birovni aldashga urinmaylik. Vaksina olgan bo‘lsak, olganimizni, olmagan bo‘lsak olmaganimizni ro‘y-rost aytaylik. Musulmon sifatida din-u diyonatimizni saqlaylik, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytganlaridek, jannat yo‘lida yurishga harakat qilaylik, rostgo‘y bo‘laylik. Shunda jamiyatimizda muammo bo‘lib turgan ko‘p masalalar yechimi topiladi, zero adolat va rostgo‘ylik tushunchalari doim yonma-yon yuradi.

Hujjat soxtalashtirish ham, hujjatning soxtaligini bila turib undan foydalanish ham jinoyat

Adhambek Adbullayev, Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti mas'ul xodimi:

— Hozirda ayrim fuqarolar vaksinaga ishonchsizlik ko‘zi bilan qarab, uni olishdan bosh tortishmoqda. Vaksina olganlik haqidagi sertifikatlarni qalbakilashtirishga ham urinishmoqda. Hurmatli fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasiga ko‘ra:

– soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish – BHMning 50 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 

2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish esa BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishini eslatib o‘tamiz.

Shoakmal Isroilov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: