“Asosiysi – mijozlar ishonchi” - noldan boshlab, 9 mln dollarlik eksportni yo‘lga qo‘ygan tadbirkor

Business class 14:30 / 21.08.2021 411788

To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizim va o‘zi avval ishlagan korxonadagi xatolardan olingan saboqlar tez orada o‘z mevasini bera boshlaydi.

“Chust textile” korxonasi 2006 yilda tashkil topgan. Asoschilari – Dilshod va Jamshid Ismatullayevlar. Korxona o‘z faoliyati davomida ko‘plab qiyinchiliklarga, to‘siqlarga duch kelgan.

Jamshid Ismatullayev Kun.uz “Business Class” rukniga bergan intervyusida tadbirkorlik faoliyatini qanday boshlagani va bu yo‘ldagi yaxshi-yomon kunlarni yodga oldi.

U 2010-2014 yillar orasida korxona uchun og‘ir kelganini eslaydi. Uning aytishicha, korxona ta'sischilariga kichik bir ma'muriy huquqbuzarlik bilan bo‘lgan ayblov sekin-asta jinoiy ish ochilishiga, tadbirkorlarning sudma-sud sarson bo‘lishigacha olib kelgan.

“Sudyalarga biz jon kuydirib gapirsak-da, ular bizning gapimizga uncha ahamiyat bermas, bizning taqdirimiz hal bo‘layotgani ham ularni qiziqtirmas edi. Shunda biz mamlakatni tashlab, chet elga ketishga majbur bo‘lganmiz”, – deya o‘sha davrlarni eslaydi tadbirkor.

Jamshid Ismatullayev

Oradan vaqt o‘tib, Jamshid Ismatullayev va uning yaqinlari vatanga qaytishadi. Shunday bo‘lsa-da, ularda faoliyatni rivojlantirish, fabrika ishini kengaytirish haqida rejalar so‘nish arafasida edi.

Tadbirkorning aytishicha, 2017 yil “Chust textile” uchun yangi davr boshlanganini anglatuvchi yil bo‘lgan. Chunki shuncha yillar kengayish, ishlab chiqarish uchun yer olish maqsadida qancha eshikka borib, muammolari hal bo‘lmagan bo‘lsa, o‘sha davrda mutasaddilar o‘zlari tadbirkorlarning yoniga kelib yer taklif qilgan.

Chust tumanida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zona hududidan 16 gektar yer ajratilgan. Investitsiya qilishni uzoq yillar kutgan tadbirkorlar asosiy binolar qurilish ishlarini bir yilga qolmay yakunlashgan. Bu binolar “Chust textile” uchun xomashyo mustaqilligini ham olib kelgan. Hozirda ip-kalavadan tayyor mato va u matodan tayyor tikilgan mahsulot ichki va tashqi bozorga yetkazilmoqda.

Tadbirkor muvaffaqiyati haqida gapirar ekan, uning tag zamirida Chustning mehnatkash ahli, zavod ishchilari turishini ta'kidladi.

Tadbirkor fabrikaga davlat rahbarining tashrifi haqida ham so‘zlab berdi. Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida bu fabrikada ham bo‘lib, unga yuqori bahor bergan. Jamshid Ismatullayev xomashyodan tayyor mahsulot eksport qilayotgani, angar uslubida qurilgan tejamkor zavod davlat rahbarining e'tirofiga tushganini ta'kidladi.

Prezident tashrifidan so‘ng, tadbirkorning onasi unvon bilan taqdirlangan, bu esa oila uchun katta quvonch bo‘lgan.

“Avvallari davlat bilan tadbirkor o‘rtasidagi masofa o‘ta uzoq va biz gapirgan gap yetib borishi qiyin edi. Bugun biz gapirayotgan gaplarni ro‘parama-ro‘para o‘tirib, hukumat vakillari tinglamoqda. Biz ko‘targan masalalar, qonun hujjatlariga kiritilmoqda”, – deydi Jamshid Ismatullayev.

Tohirjon Tursunov suhbatlashdi.
Tasvirchi — Boymirza Xalilov.

Ko‘proq yangiliklar: