Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tashqi qarzlar masalasida hukumat ichida tez-tez bahslar bo‘lib turadi - Sardor Umurzakov
Turli idoralararo platformalarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi o‘rtasida tashqi qarzlar mavzusida sog‘lom bahslar tez-tez bo‘lib turadi, deydi bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov.

Tashqi qarz – O‘zbekistonda so‘nggi yillarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri. Biroq bu mavzudagi muhokamalarda barcha davlat organlari ko‘pincha yakdil pozitsiyada turgandek taassurot uyg‘otadi: ular o‘rtasidagi bahslardan jamoatchilik xabar topmaydi.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov jurnalistlarga bergan intervyusida shu haqdagi savolga javob berarkan, uning rahbarligidagi vazirlik tashqi qarz masalasida Moliya vazirligi bilan tez-tez sog‘lom bahsga kirishib turishini aytdi.
“Tortishuvlar idoralararo komissiyalarda bo‘ladi. Bizda tashqi qarz loyihalarini ko‘rib chiquvchi ishchi guruh bor, unga o‘zim boshman. Bundan tashqari, bosh vazir boshchiligidagi umumiy tashqi qarzga oid alohida komissiyamiz bor. Mana shu formatlarda bizda katta bahslar bo‘ladi. Men boshqa vazir bilan, mening o‘rinbosarim boshqa vazir o‘rinbosari bilan juda ko‘p muhokama qilamiz.
Tashqi qarzimizni asosan ikkita yo‘nalishga ajratsa bo‘ladi. Birinchisi – budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun olinadigan tashqi qarz. Ikkinchisi – loyihalarga yo‘naltiriladigan tashqi qarz. Loyihalarga yo‘naltiriladigan tashqi qarzga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mas'ul, budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun olinadigan tashqi qarzga esa Moliya vazirligi qaraydi.
Shuning uchun ko‘p hollarda sog‘lom bahslar, tortishuvlar Moliya vazirligi bilan bo‘ladi. Moliya vazirligida ham, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ham shu masalaga mas'ul alohida vazir o‘rinbosari bor. Shuning uchun mana shu masalalarda ular doimiy muhokamada ishlaydi.
Bilasiz, bizda o‘tgan yildan beri tashqi qarzni jalb qilishga alohida parlament tomonidan limit o‘rnatilmoqda, shu doirada ishlaymiz”, – dedi Sardor Umurzakov.
To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube kanalida tomosha qiling.
Mavzuga oid

15:21 / 12.07.2025
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 70 mlrd dollarga yaqinlashdi

14:40 / 20.06.2025
O‘zbekistonda tashqi qarz olish limitlariga rioya qilish kerak – XVJ

09:02 / 04.06.2025
Jamshid Qo‘chqorov – energotariflar oshishi, iqtisodiy o‘sish va tashqi qarzlar haqida

15:02 / 27.05.2025