Xayr, «qorabozor» - salom, bank! So‘nggi yillarda valuta bozoridagi o‘zgarishlar

Iqtisodiyot 17:48 / 16.08.2021 22464

O‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalaridan 2017 yilga qadar amalda mavjud bo‘lgan milliy valutani konvertatsiya qilish bilan bog‘liq muammolar tufayli O‘zbekiston xalqaro savdo uchun yopiq mamlakatga aylanib qolgandi. Import va eksport amaliyotida  ko‘p to‘siqlar mavjud edi. 

Shuningdek, bozorlarda va aholi gavjum joylarda valutafurushlarning katta guruhlarini respublikaning istalgan joyida uchratish mumkin edi.

Mamlakatga tovar olib kirishning turli «qora» va «soya» sxemalari ushbu mahsulotlarga xorijda to‘lovni amalga oshirish uchun naqd dollarga juda katta ehtiyoj sezadi. Natijada uzoq yillar davomida O‘zbekistonda «qorabozor» shakllandi va yil sayin rivojlana bordi.

2017 yilning 2 sentyabrida imzolangan «Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni natijasida bu borada bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Ushbu farmonga qadar O‘zbekistonda qisman (cheklangan) konvertatsiya mavjud bo‘lgan. Xorijiy valutani xarid qilish jismoniy shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra (2 ming AQSh dollari turistik maqsadlarda va undan ortiq davolanish hamda o‘qish xarajatlari xalqaro plastik kartaga o‘tkazib berilgan) va yuridik shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra, (birjaga beriladigan talabnomaga asosan navbatma-navbat banklarning mavjud imkoniyatiga ko‘ra, davlat kursida konvertatsiya qilib berilgan. Biroq ushbu navbatlarning ayrimlari 1 oydan 1 yilgacha, ayrim hollarda bir necha yilgacha navbat kutish holatlari kuzatilgan) amalga oshirilgan. Xorijiy valutani milliy valutaga davlat kursida almashtirishga esa hech qanday cheklovlar bo‘lmagan.

Mazkur hujjatga asosan fuqarolar tijorat banklaridan davlat kursi bo‘yicha xorijiy valutalarni sotish va xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Erkin konvertatsiya joriy etilishidan ko‘zlangan maqsadlardan biri esa valutalarni noqonuniy ayirboshlash holatlariga barham berish edi.

Xo‘sh, o‘tgan 4 yil ichida bu borada qanday o‘zgarishlar qilindi. Qaysi muammolar esa hali ham to‘laligicha hal qilinmay qolmoqda?

2017 yil

Ichki valuta bozori erkinlashtirildi:

  • valuta kursini talab va taklifga asosan belgilash joriy etildi;
  • eksportdan tushgan valuta tushumini majburiy sotish tartibi bekor qilindi;
  • rezidentlarga joriy operatsiyalar uchun chet el valutasini cheklovlarsiz sotish va sotib olish huquqi berildi;
  • respublika hududida tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni chet el valutasida amalga oshirish taqiqlandi.

2018 yil

  • xalqaro to‘lov kartalariga sotib olingan xorijiy valutani naqd shaklda yechib olish joriy etildi;
  • 24/7 rejimida ishlovchi bank xizmatlari markazlari va avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash shoxobchalari tashkil etildi.

2019 yil

«Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi:

  • yuridik shaxslarga chet elda hisobraqam ochish uchun ruxsatnomalar berish amaliyoti bekor qilindi;
  • jismoniy shaxslar uchun nosavdo valuta operatsiyalari bo‘yicha maqbul summa miqdori 100 mln so‘m etib belgilandi;
  • 2019 yil avgustdan jismoniy shaxslar uchun valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd xorijiy valuta sotuvi joriy etildi.

2020 yil

  • jismoniy shaxslar tomonidan naqd valutani O‘zbekistondan tashqariga olib chiqish me'yori ikki baravar oshirilib, 100 mln so‘m miqdorida belgilandi;
  • eksportdan valuta tushumlari kelib tushishini ta'minlash muddati yuzasidan belgilangan talab 120 kundan 180 kunga uzaytirildi;
  • respublikada jami avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash shoxobchalari soni 1 272taga yetkazildi.

Bir qarashda, valuta bozori liberallashtirilganidan keyin, valutafurushlar keskin kamayib ketganiga guvoh bo‘ldik. Axir, banklar valutaning bozor kursini taklif qilib turganda, o‘zini xatarga qo‘yib noqonuniy «valyutchik»ka murojaat qilish kimga kerak?

Ammo «legallashmagan valutafurushlar» saqlanib qolayotgani ham ko‘pchilikka sir emas. Xo‘sh, nima sababdan «qorabozor»ni to‘liq tugatishning imkoniyati bo‘lmayapti?

Birinchidan, noqonuniy pul aylanmasi ishtirokchilari orasida «qorabozor»ga ehtiyoj o‘sha-o‘sha. «Qorabozor» mavjudligining asosiy manfaatdor kishilari ham yashirin iqtisodiyotda faoliyat yurituvchilardir. Ularning asosiy maqsadi, amalda bo‘layotgan pul aylanmalarini bankdan tashqari amalga oshirish va natijada soliqdan qochish hamda ayrim noqonuniy bitimlarini amalga oshirish imkoni. Barcha korrupsiya va firibgarlik jinoyatlari ham aynan mana shu yerda amalga oshirilishi mumkin. Sababi ushbu yo‘nalish vakillari o‘zlari haqidagi ma'lumotni barchadan sir saqlash va ko‘zga ko‘rinmaslik uchun ham naqd ko‘rinishda nazoratsiz ishlashni ma'qul ko‘rishadi.

Ikkinchidan, bank shoxobchalari yetarli emas. Bu borada yil sayin ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganiga qaramay, hali aholi ehtiyojlari to‘liq qanoatlantirilganicha yo‘q. Shanba-yakshanba kunlari ko‘pchilik valuta ayirboshlashda muammolarga dush kelayotganini aytishadi.

Uchinchidan esa banklar hamon davlat boshqaruvida qolyapti, natijada mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati juda yuqori emas.

Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash kerakki, so‘nggi 5 yil mobaynida O‘zbekiston iqtisodiyoti erkinlashtirildi. Dastlabki davrlarda «endi so‘mning xorijiy valutaga nisbatan kursi qanday belgilanishi» borasida xavotirlar bor edi. Bugungi kunda Markaziy bank Respublika valuta birjasidagi savdo sessiyalaridan kelib chiqib, xorijiy valutalarning so‘mga nisbatan rasmiy kurslarini har bank ish kuni soat 16:00da rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e'lon qilib bormoqda. Tijorat banklari kassalarida konvertatsiya operatsiyalarini amalga oshirish uchun yetarli miqdorda naqd xorijiy valutalar mavjud hamda sotish va ularni sotib olish bo‘yicha hech qanday cheklov va to‘siqlar o‘rnatilmagan.

Doston Ahrorov

Ko‘proq yangiliklar: