Kobulning qulashi. Endi Afg‘onistonda amirlik tuziladi. Asosiy ma'lumotlar

Jahon 02:00 / 16.08.2021 209526

«Tolibon» jangarilari Kobulni qo‘lga oldi. Endi ular butun Afg‘onistonni nazorat qilmoqda. Toliblar 15 avgust tongida poytaxtga yurish boshlagandi, kechga kelib ular hech qanday qarshilikka uchramasdan shaharni egallab, prezidentlik saroyiga kirishdi. Bungacha bir necha kunlik janglar davomida «Tolibon» mamlakatdagi yirik shaharlar, Qandahor, Hirot va Mozori Sharifni egallashgandi. Yaqin vaqtlar ichida toliblar mamlakatda Afg‘oniston islom amirligi tuzilgani haqida e'lon qilishi kutilmoqda. Mamlakat 1996-2001 yillarda, toliblar boshqaruvi davrida ham shunday atalardi.

Prezident qarorgohida toliblar bayrog‘i o‘rnatilgan

Afg‘oniston prezident Ashraf G‘ani Ahmadzoy mamlakatdan qochib ketgan. Dastlab «Aziya-Plyus» nashri u Tojikistonga uchgani, u yerdan uchinchi mamlakatga yo‘l olishi haqida xabar tarqatgandi. TOLOnews telekanali unga yordamchilari hamrohlik qilayotgani haqida xabar berdi. Keyinroq u O‘zbekistonga yoki Ummonga uchgani haqida ham xabarlar tarqaldi, ammo bu ma'lumotlar tasdig‘ini topgani yo‘q. G‘ani toliblar Kobulni jang qilib olmoqchi bo‘lgani, ammo tinch aholi qoni to‘kilmasligi uchun qurolli to‘qnashuvlarning oldini olganini ma'lum qildi.

Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, 16 avgust kuni Qatar poytaxti Dohada toliblar va Afg‘oniston hukumati rasmiylari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Unda Ashraf G‘ani ishtirok etish-etmasligi hozircha noma'lum.

Eronning Tasnim agentligi prezident mamlakatni tark etish jarayoni aks etgan videoni tarqatgan.

Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay mamlakatda «xaos yuzaga kelishining oldini olish uchun» Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilganini ma'lum qilgan. Uning tarkibiga Karzayning o‘zi, Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla va Afg‘oniston Islom partiyasi yetakchisi, mamlakatning sobiq bosh vaziri Gulbiddin Hikmatyor kirgan. Muvofiqlashtiruvchi kengashning maqomi aniq emas. Toliblar o‘tish davri hukumati tuzilishiga rozi emas va hokimiyat to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirilishiga erishmoqchi.

Toliblar Kobulda xavfsizlik ta'minlanishini va'da qilib, aholidan xavotirga tushmaslik va shaharni tark etmaslikni so‘ramoqda. «Tez orada shaharda vaziyat normallashadi va shaharliklar odatiy hayot tarziga qaytishlari mumkin», deya toliblar bayonotidan iqtibos keltirgan «Interfaks» agentligi. «Tolibon» rasmiysi fuqarolarning mol-mulki xavfsizlikda ekanini bildirib, shahar aholisiga «zarur holatlarda mujohidlardan yordam so‘rash»ni taklif etgan. «Hech kim qo‘rquvga tushmasligi kerak», degan u.

Shu bilan birgalikda, Kobul aholisi kun davomida ommaviy ravishda shaharni tark etishga harakat qildi. Shahar yo‘llarida uzun tirbandliklar hosil bo‘ldi. Afg‘oniston va Pokiston chegarasida ham navbatlar hosil bo‘lgan: bir tomon Afg‘onistonni tark etishga, ikkinchi tomon mamlakatga kirishga urinmoqda.

Vatanga qaytish istagidagi afg‘onlar Chaman shahridagi nazorat-o‘tkazish punktida. 15 avgust. AFP / Scanpix / LETA
Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi Chaman shahridagi afg‘onlar. 15 avgust
Akhter Gulfam / EPA / Scanpix / LETA

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken amerikaliklar Afg‘onistondagi asosiy maqsadiga erishgani haqida gapirdi. Blinken amerikalik harbiylar Usama bin Lodinni «javobgarlikka tortishgani» va «Al-Qoida» tomonidan AQShga bo‘lgan tahdid «sezilarli darajada susaytirilgani» haqida aytgan. U shuningdek, amerikalik harbiylar olib chiqilmasa, Afg‘onistondagi status-kvo saqlanib qoladi deb o‘ylash «shunchaki xato» bo‘lishini bildirgan.

Iyul oyi boshida — bir oy muqaddam — AQSh prezidenti Jo Bayden amerikalik harbiylarning Afg‘onistondan olib chiqilishi afg‘on hukumati halokatiga va mamlakat toliblar tomonidan butunlay egallanishiga olib kelmasligini aytgandi. U keyinroq ham afg‘on hukumati armiyasi «Tolibon» otryadlaridan ko‘ra yaxshi o‘qitilgan va kuchliroq ekani haqida gapirdi.

G‘arb mamlakatlari diplomatlari Yashil hududdagi qarorgohlaridan Kobul xalqaro aeroportiga shoshilmoqda. Rossiyalik diplomatlar esa shaharda qolishgan. Shu vaqtgacha AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Kanada diplomatik missiyalari xodimlarini zudlik bilan Afg‘onistondan evakuatsiya qilishi haqida ma'lum qilgan. 

Pentagon Kobulga evakuatsiya ishlari uchun yana 1000 nafar harbiyni jo‘natdi. So‘nggi kunlarda Jo Bayden Afg‘oniston poytaxtidan amerikaliklar xavfsiz sharoitlarda olib chiqilishini ta'minlash uchun qo‘shimcha 3 ming ajratgandi. Endilikda Kobulda harakat qiladigan harbiylar soni 6 ming nafarga yetdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa elchixona odatiy tartibda ishlashda davom etishini ma'lum qilgan. TIVdagilar toliblar barcha diplomatlar xavfsizligini kafolatlaganiga ishonch bildirgan.

Vazirlik Rossiya Afg‘onistonning o‘tish hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma'lum qilgan. Vladimir Putinning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov Rossiya hozircha «Tolibon»ni Afg‘onistondagi legitim hukumat sifatida tan olmayotganini bildirgan.

Bu vaqtda RF TIV Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha «xavotirga tushmayotgani», chunki «Tolibon» bilan yaxshi aloqalarga egaligini ma'lum qildi. Kabulovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya vakillari Dohada toliblar yetakchisi Abdulg‘ani Barodar bilan muzokara o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

2017 yilda toliblar faqat tog‘li va chekka hududlarda ta'sirga ega edi 
Vaziyat qisqa muddat ichida butkul o‘zgardi

15 avgust kuni kechqurun AQSh elchixonasi G‘arb diplomatlari ko‘chirilayotgan Kobul aeroportiga artilleriya zarbalari berilgani haqida xabar qildi.

Kobulning o‘zida to‘qnashuvlar bo‘lgani haqida xabarlar yo‘q. Shaharda komendantlik soati joriy etilgan.

16 avgust kuni BMT Xavfsizlik kengashi ushbu mamlakatdagi vaziyatni muhokama qilish uchun shoshilinch yig‘ilish o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: